Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saylov kodeksi tasdiqlandi: nimalar o‘zgarmoqda?

Saylov kodeksi tasdiqlandi: nimalar o‘zgarmoqda?

Foto:«Migrant.mobi»

Kodeks qaysi jihatlari bilan ahamiyatli? Unda qanday yangiliklar ko‘zda tutilgan?  Parlamentga saylovlar arafasida mazkur kodeksning qabul qilinishi qanday ma’noga ega?

Yagona qonun – yagona tartib

Mazkur kodeks Prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari,  mahalliy kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish tartibini belgilaydi.

Shu paytgacha mamlakatimizda saylov to‘g‘risida ko‘plab hujjatlar amal qilib kelmoqda edi. Saylov yilida ushbu hujjatlarga murojaat qilinishi va ularning amalda qo‘llanishi ayniqsa, ko‘payishi hech kimga sir emas.

Biroq turli darajadagi 20 dan ortiq qonun hujjatlarini amalda qo‘llashda murakkabliklar yuzaga kelishi mumkin. Masalan, ushbu qonun hujjatlarida deyarli bir xil narsalar yozilgan. Ammo o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish kerak bo‘lsa, har biriga kiritib chiqishlozim bo‘lardi. Bu esa ko‘p vaqt va boshqa resurslarni talab qiladi.

«O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qonun va u bilan tasdiqlanayotgan Kodeks orqali mamlakatimizda amalda bo‘lgan saylov to‘g‘risidagi 26 ta qonun hujjatlari qamrab olinyapti. Ya’ni shuncha hujjat bekor qilinib, o‘rniga ushbu yagona kodeks amalga kiritilmoqda.

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati

Kodeksda nazarda tutilgan muhim yangilik, innovatsiya deyish ham mumkin, saylovchilarning elektron ro‘yxatidir. Endilikda saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantiriladi va saylovchilar Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida o‘zi uchun kerakli ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Markaziy saylov komissiyasi mutaxassislari saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini yaratish ustida anchadan beri ish olib bormoqdalar. Xususan, uyma-uy yurib, saylovchilar ro‘yxatga olingan va har bir saylovchi turar joy kadastr raqamiga biriktirilgan.

Bundan maqsad «bir saylovchi – bir ovoz” prinsipini to‘liq va bexato amalga oshirishdan iborat. Masalan, biror saylovchi yashash joyi o‘zgarsa, doimiy ro‘yxatdan vaqtinchalik ro‘yxatga o‘tsa, bu saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatida o‘z aksini topadi. Bu saylovchining faqat bir joyda bir marta ovoz berishini ta’minlaydi.

Shu bilan birga ushbu elektron tizim orqali saylovchilarga ham qator qulayliklar yaratiladi. Masalan, saylovchi Markaziy saylov komissiyasi saytiga kirib pasport raqamini kiritish orqali o‘zining qaysi saylov uchastkasiga mansub ekanligini va saylov uchastkasi joylashgan manzilni aniqlashi mumkin.

Kodeksda uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarning jihozlanishiga oid talablar o‘z aksini topdi.

Xususan, saylov komissiyalari joylashgan binolarda saylov uchastkasining xaritasi, zarur mebel, ofis texnika vositalari (telefon, printer, Internetga ulangan va jarayonni boshqarish axborot tizimiga kirish imkoniyatiga ega kompyuterlar, seyf, kanselyariya tovarlari) bo‘lishi kerak.

Saylov okruglari ko‘paymoqda

Saylov kodeksi bilan saylov okruglari va uchastkalarini tuzish, saylov komissiyalari faoliyatini tashkil etish tartibib yelgilandi.

Unga muvofiq, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun 150 ta hududiy saylov okrugi tuziladi.

Ilgari 135 ta okrug tuzilgan va 15 nafar deputat O‘zbekiston ekologik harakatidan saylangan.

Endilikda O‘zbekiston ekologik partiyasi tashkil etilganligi bois, mazkur partiya deputatlikka o‘z nomzodlarini umumiy saylovlarga qo‘ygan holda Qonunchilik palatasidan o‘rin egallashi mumkin.

Shu sababli ushbu 15 o‘rin ham okruglarga berilmoqda. Bu, birinchidan, har bir deputatning teng sharoitlarda saylovlarda ishtirok etish va g‘alaba qozonishi uchun imkon yaratadi. Qolaversa, saylovlarda hech bir partiya yoki harakat uchun alohida sharoit yaratilmasligiga, saylovlarning sof demokratik ruhda o‘tishiga yo‘l ochib beradi.

Ovoz berish vaqti o‘zgarmoqda

Ilgari saylovlar soat 06:00 dan soat 20:00 gacha o‘tkazilgan. Endilikda ovoz berish soat 08.00 da boshlanadi va 20.00 da nihoyasiga yetadi. Saylovlar asosan yil oxirida, qish faslida bo‘lib o‘tishi e’tiborga olinsa, bu oqilona yechim bo‘lganini ta’kidlash mumkin.

Qolgani odatdagidek:

  • saylovlarda har bir fuqaro bir ovozga ega;
  • saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish ochiq va oshkora amalga oshiriladi.

 Shahnoza To‘raxo‘jayeva,
Adliya vazirligi bosh maslahatchisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring