Quvada otaga qo‘l ko‘targan o‘g‘il qamoqqa ravona qilindi
Bunday voqelikni yozishga ham ikkilanasan, kishi. Farzand otaga qo‘l ko‘tarsa-ya?!.
Yaxshiki, mahalla ahli, profilaktika inspektori o‘z vaqtida voqea joyiga yetib kelishdi, yo‘qsa...
Quvalik D.Karimov (nom o‘zgartirilgan) 23 fevral kuni, kechki payt g‘irt mast holda uyiga kelib, avval oila a’zolari bilan janjallashadi. Shu darajaga boradiki, yashash xonadoni deraza oynalarini chil-chil sindirib, hovli o‘rtasida baqirishni boshlaydi. Bundan bezovta bo‘lgan qo‘ni-qo‘shnilar darhol mahalla fuqarolar yig‘ini va profilaktika inspektoriga xabar berishadi.
Ular yetib kelganida D.Karimov o‘ziga tanbeh bergan otasiga tashlanib, kiyimlarini yirtib tashlagan, kamiga urish uchun hamla qilayotgandi...
IIB xodimlari shu joyning o‘zida D.Karimovni qo‘lga olishadi...
Kuni kecha D.Karimovning «ishi» Quva tuman ma’muriy sudi tomonidan tumanidagi 16-sonli umumta’lim maktab binosida o‘tkazilgan ochiq sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi.
Nobakor o‘g‘ilga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Yana nima deyish mumkin?
Nasihatnamo gaplardan foyda yo‘q. Bunday og‘riqli manzaralar ma’naviy tanazzulning bir ko‘rinishi ekanini ta’kidlash mumkin, xolos. Ma’naviy bo‘shliqlar vaqtida ma’rifat bilan to‘ldirilmas ekan, bunday ayanchli voqealarga yana guvoh bo‘lmaslikka kafolat yo‘q.
Bugunni g‘animat bilaylik...
Azizbek Jumayev,
Quva tuman ma’muriy sudining raisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter