Balog‘atga yetgan qizini «rahnamolar» qo‘liga topshirgan ayol ushlandi
1977-yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan fuqaro E.M. 2019-2021-yillarda Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib, «Sodiq Samarqandiy» madrasalarida ta’lim oladi.
Natijada, u ekstremistik va terrorchilik tashkilotlar g‘oyalari ta’siriga tushib, Suriyaga borish va u yerdagi jangarilardan biriga turmushga chiqishni rejalashtiradi. Shu maqsadda, fuqaro E.M. 2021 yilning mart oyida Turkiyadan doimiy yashash manziliga qaytib kelib, 3 nafar farzandini o‘zi bilan birga olib, «Qirg‘iziston-Turkiya-Suriya» yo‘nalishida harakatlanayotgan vaqtida chegara hududida to‘xtatilgan hamda doimiy yashash manziliga qaytarilgan edi.
Olib borilgan tushuntirish ishlariga qaramay, fuqaro E.M. o‘zining Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilish maqsadidan voz kechmagan hamda u yerdagi hamfikrlari bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali yozishmalarni davom ettirib kelgan.
Shuningdek u internet tarmog‘ida bir qator guruhlar tashkil qilib, guruh a’zolari orasida aqidaparastlik va ekstremistik mazmundagi materiallarni tarqatgan hamda Suriyadagi jangarilarga moddiy yordam berishga targ‘ib qilgan.
Yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan fuqaro E.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
«Fuqaro E.M. jinoiy maqsadiga erishish yo‘lida farzandini ham qurbon qilishga tayyorligini o‘zining balog‘at yoshidagi qizi E.X.ni shu yilning mart oyida Turkiyaga jo‘natib, u yerdagi ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari rahnamolarining qo‘liga ta’lim olishi uchun topshirganligidan anglash mumkin», deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyadagi hamfikrlari safiga qo‘shilish maqsadida O‘zbekiston hududidan yashirincha chiqib ketishga uringan ayol sud qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter