Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Marhum olim qamoqda qattiq qiynoqlarga solingani aytildi

Marhum olim qamoqda qattiq qiynoqlarga solingani aytildi

40 dan ortiq tillarni bilgan tarixchi olim, turkiy xalqlar tarixiga oid uchta monografiya va saksondan ortiq ilmiy maqolalar muallifi Andrey Kubatin shu yilning oktyabr oyi oxirlarida vafot etgandi.

Klara Saxarova «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida  Andrey Kubatin tuhmat sabab qanday qamalgani va qattiq qiynoqlarni boshidan kechirganini hikoya qilib berdi.

«2017-yil boshida Andrey Turkiya Hamkorlik va Muvofiqlashtirish Agentligiga (TIKA) taklif qilindi, o‘sha paytda agentlikka Sulaymon Kiziltoprak rahbarlik qilgan. Ular ko‘plab tillarda, shu jumladan turk tilida so‘zlashadigan Andreyni taklif qilishadi va undan O‘zbekistonning tarixiy joylariga sayyohlik qo‘llanmasini tayyorlashni so‘rashadi. Andrey esa ilm-fan bilan shug‘ullanishini va hatto oilasi uchun ham bo‘sh vaqti yo‘qligini aytadi. U bu vazifani agentlik xodimi Muzaffar Joniyev bajargani yaxshiroq ekanligini, o‘zi esa 10 yil davomida to‘plagan o‘z kutubxonasidan foydalanishlariga qo‘yib berishini aytadi. Kutubxonadan hamma foydalanishi mumkin edi, u kitoblarni hammaga tarqatardi. Kutubxona elektron shaklda edi, u 15 mingta kitobning barchasini uyda saqlolmasdiku.

Andrey unga namuna sifatida qo‘llanma berishini, keyin esa o‘zi tekshirishini aytadi. Ular shunga kelishishdi. Bir hafta o‘tdi. Joniyev ukamdan kitoblarni berishini iltimos qilib, holi-joniga qo‘ymadi. Andrey kitoblarni xard (qattiq) diskka ko‘chirdi. 25-mart kuni Muzaffar uni kitoblarni berishga ko‘ndirdi. Andrey Sharqshunoslik institutidan chiqib, Muzaffar bilan svetofor yonida uchrashdi va unga kitoblarning elektron nusxalarini topshirdi. U Andreyga «Maksim Gorkiy»gacha olib borishni taklif qildi va u yerdan esa o‘zi uygacha yetib oladi. Andrey rozi bo‘ladi.

«Botkin» burilishida ularning yo‘lini oq Cobalt kesib o‘tadi, mashinada tergovchi Doniyor Abdullayev va yana bir yigit bo‘lgan. Ular Andreyni Muzaffarning mashinasidan chiqarib, Cobaltga o‘tirg‘izishadi, uni do‘pposlay boshlaydilar. Andrey tabiiy ravishda qarshilik ko‘rsatadi. U Mirzo-Ulug‘bek TIIBga olib kelingan va boshqa familiya bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. U qo‘ng‘iroq qildi va, MXX tergovchilari nazorati ostida, bizga hali ishlayotganini va kechqurun bo‘shashini aytdi. Men bu yerda bir gap borligini gumon qildim. Keyinroq, uni sudga olib ketishayotganini xabar berdi. Bo‘ysunmaslik moddasi bilan rasmiylashtirilib, Panelniyda (Toshkentdagi Panelniy massividagi vaqtincha saqlash markazi — tahr.) 15 sutka ushlab turishdi.

Har kuni u yerga kelib, yigitlardan uning ahvoli haqida surishtirib turdik. 3−4 kundan keyin bizga dori-darmonlar — antibiotiklar, malhamlar olib kelish kerakligini aytishdi. Keyin bilsam, uni tepishgan, qisqasi barcha jinsiy a’zolari zarblangan.

15 sutkadan keyin biz uni uyga olib ketolmadik. Andreyni qora Lacetti ga solishdi va Gvardeyskayaga (DXX tergov izolyatori — tahr.) olib ketishdi. Va shu yerdan bizning azoblarimiz boshlandi. U yerda ular uni «yumshoq» kameraga joylashtirishgan (mahbus o‘ziga zarar yetkazmasligi uchun), kaltaklashgan. Keyin uni umumiy kameraga yuborishgan, u yerda «lohmach» (kamera sardorlari) Viktor Petrovich Kunayev yoki Kulayev bor edi. U uni yurak sohasiga qattiq urgan. Andrey uning bo‘yi 2 metrdan balandroq, ulkan odam, aqli ham joyida emas deb ta’riflagandi… Yurak sohasida qontalash jarohatlar paydo bo‘ldi, shifokorlar buni tasdiqlashdi, lekin bu narsa hech qayerda ko‘rsatilmadi. Viktor har kecha uni bo‘g‘ishga uringan. Ana shu tarzda Andrey u yerda besh oyni o‘tkazdi.

U do‘mboqqina, vazni 105 kg edi. Biz uni bir marta Gvardeyskayada, besh oydan keyin esa Toshturmada ko‘rdik. 105 kglik vazn yo‘q edi, 70−73 kg vaznli insonni ko‘rib turardik. Ikkita choponga o‘ranib olgan, butun bo‘yin va bosh yaralarda edi. U boshini ko‘tarmasdi, ko‘z yoshlari oqardi, gapirolmasdi. Ular uning oldiga kelib, meni mashina urib ketishini, xotinini zo‘rlashlarini, bolasini o‘g‘irlashlarini va «opang nima qilishidan qat’i nazar, biz qancha desak, shu muddatga «kesilasan» deb qo‘rqitishgan. Buni Aziz qilgan, ehtimol bu taxallusdir. Garchi ish sudga topshirilgan bo‘lsa ham, uni u yerga qo‘yishga haqlari bo‘lmasa ham, Aziz Gvardeyskayaga ham kelgan, Toshturmaning yerto‘lasiga ham tushgan.

2017 yil 1 dekabrda unga 11 yil berildi. U yerda sudya Umid Shakirov edi. Hammasi kelishilgandi. Maslahat xonasi o‘rniga u to‘rtta stol tennisi joylashgan koridorga chiqdi. Keyin dunyo hamjamiyati, OAV qo‘shildi.

Bizda xususiy advokat — Xurshid To‘lboboyev bor edi. Ammo ukam Gvardeyskayada bo‘lganida, u yerda advokat Shahzod edi… Bizga o‘z advokatlarimizni yollashga ruxsat berishmadi. U go‘yoki ukamning oldiga borib turgan, lekin Andrey uning faqat ikki marta kelganini aytdi. Ukam kaltaklanganini aytganda, u hech qanday harakat qilmadi. U shunchaki kelgan, hujjatlarni imzolagan va ketgan. Va hatto o‘sha paytda u buning uchun bizdan pul olgan.

Shaxzod bizga 5 yil berilsa xursand bo‘lishimizni aytdi. Va har doim u bizni «Yozmanglar, hech narsa qilmanglar, hech kimni o‘rtaga solmanglar» deb qo‘rqitardi. Biz bunday ishlarga hech qachon to‘qnash kelmaganmiz, nimadir qilishdan qo‘rqardik. Adolat bor deb o‘ylardik. Ilgari men ahmoqligimdan shunday deb o‘ylar edim, ular buni tagiga yetishadi deb o‘ylardim. Yetishdi — 11 yil.

Shundan so‘ng, biz barcha yuqori turuvchi idoralarga murojaat qildik, shovqin-suron ko‘tarib, ularga yetib borishi uchun «ayuhannos» sola boshladik.

Xalqaro hamjamiyat, huquq himoyachilari aralashganidan so‘ng uning muddati 5 yilga qisqartirildi. Hammasi shu yerda to‘xtaydi deb o‘yladik. Bir oy davomida hech bir harakat qilmadik. Shu yerda mening sabrim tugadi, videomurojaat qila boshladim, norozilik bildirishni boshladim, ochlik e’lon qildim. Rostini aytsam, avval maydonda o‘zimni yoqib yubormoqchi edim. Men bu haqida hamma joyda rasman e’lon qildim. Menga qo‘ng‘iroq qilib, «Buning senga nima keragi bor? Sening kichkina bolalaring, kasal onang bor» deya fikrimdan qaytarishga urinishardi. Va men ochlik e’lon qilishga qaror qildim.

Keyin men ommaviy ravishda prokurorga murojaat qildim. Meni Murodov (sobiq bosh prokuror Otabek Murodov — tahr.) o‘z kabinetiga chaqirib, 20-bo‘limga ishni qayta ko‘rib chiqish topshirig‘ini berdi. U shunday dedi: «U yerda josuslik yo‘q. Nima qilayapsizlar o‘zi? Qayta ko‘rib chiqing».

Men har kuni yoki harbiy prokuratura, yoki Bosh prokuratura, Ombudsman, Senat, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, prezident devoni, xalq qabulxonalariga borardim. 2,5 yil davomida men uyda bir kun ham o‘tirmadim, faqat dam olish kunlaridan tashqari — qabul kunlari emasdi. Oxiri yo‘q safarlar. Ertalab ketaman, kechqurun kelaman. U ozodlikka chiqqunga qadar shu tarzda davom etdi.

U «kolonkada» bo‘lganida (koloniya — tahr.) biz uning oldiga har shanba va yakshanba kunlari kelardik, u bizning ta’minotimizda edi. Bir haftalik to‘liq bozorlik qilardik. Ko‘rpa-ko‘rpacha, yostiqlar olib bordik. Unga 5 yil berilganida, u muddatning uchdan bir qismini o‘tadi, keyin «kolonna» va «qo‘ng‘iroq». Agar biz jarayonni yutmaganimizda, u besh yil davomida «kolonna»da bo‘lgan bo‘lar edi. U to‘qqiz oy davomida u yerda edi, shundan besh oyi biz har hafta Toshkent viloyati sudiga murojaat qildik.

Keyin Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-qismi (reabilitatsiya qilish uchun asoslar/jinoyat tarkibining yetishmasligi)ni qo‘llagan holda, u oqlandi», – deb eslaydi marhum olimning opasi.

Klara Saxarova ukasining nohaq qamalgani uchun talab qilingan 560 million so‘m o‘rniga 462 ming so‘m miqdoridagi moddiy tovon puli to‘g‘risidagi sud qaroridan norozi bo‘lib, shikoyat arizasi yozmoqchiligini ham bildirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring