Qashqadaryoda «chirigan kartoshka mashmashasi» yopilgani yo‘q. MIB sud qarori ijrosini paysalga solmoqda
O‘tgan yilning yozida Qashqadaryoda fermerlarga chirigan kartoshka urug‘liklari sotilayotgani yuzasidan e’tirozlar yuzaga kelgandi. O‘shanda Qashqadaryo viloyatining ayrim tumanlarida kartoshka yetishtirish bo‘yicha Prezident qarori chiqqanidan so‘ng, «EGOIST AST» MChJ ta’minotchilikni qo‘lga kiritadi, biroq o‘z majburiyatini bajarmaydi. Bu orada fermerlar ixtiyoriy-majburiy tartibda ushbu MChJ hisobiga bank kreditlari orqali pul o‘tkazib berishadi. Oradan ancha vaqt o‘tdi, ayrim fermerlar sudda yutib ham chiqishdi. Biroq ular hanuzgacha o‘z mablag‘larini qaytarib olishgani yo‘q.
Prokuratura jinoyat ishi ochadi
Shov-shuv ko‘tarilgach, holatga prokuratura aralashib, Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanlaridagi 656 nafar fermer xo‘jaliklariga «EGOIST AST» MChJ tomonidan 44,8 mlrd so‘mlik 6400 tonna kartoshka urug‘ligini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolangani, buning uchun 23,6 mlrd. so‘m pul kredit mablag‘lari MChJ hisob raqamiga o‘tkazilganini aniqlagandi.
O‘rganishda «EGOIST AST» MChJ tomonidan Rossiyaning «Alteks» MChJdan olib kelingan 498 tonna kartoshka urug‘ligidan 394 tonnasi yaroqsiz deb topilgani, 104 tonnasiga muvofiqlik sertifikati berilgani va 60 tonna «Udacha» navli kartoshka urug‘ligini O‘zbekiston hududida ekish belgilanmagani ma’lum bo‘lgan.
Holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan 06.07.2020 yilda «EGOIST AST» MChJ rahbari A.Safarovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilayotgani qayd etilgandi.
Tergov yakuni bo‘yicha hali batafsil axborot berilmagan.
Sud qarori fermerlar foydasiga bo‘ldi
O‘tgan yilning 3-4-noyabr kunlari Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudi Yakkabog‘ tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi tomonidan da’vogarlar — 14 nafar fermer xo‘jaliklari manfaatida javobgar «EGOIST AST» MChJ ga nisbatan kartoshka urug‘i uchun o‘tkazilgan «asosiy qarzni undirish to‘g‘risida»gi da’vo ishini ko‘rib chiqdi.
Sud ishida keltirgan faktlarga asoslanib da’vogarlar, ya’ni 14 nafar fermer xo‘jaliklari foydasiga qaror qabul qilindi.
Haligacha ijrodan darak yuq
O‘sha sudda Yakkabog‘ tumanidan da’vogar «Siroj-ul Iskandar» fermer xo‘jaligiga javobgar «EGOIST AST» MChJ hisobidan 63.000.000 so‘m asosiy qarz va 18.000 so‘m pochta xarajati undirish bo‘yicha Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudining 2020-yil 4-noyabrdagi hal qiluv qarori chiqarilgan.
Sud qarori qonuniy kuchga kirgach, ijro hujjati onlayn tarzda Majburiy ijro byurosi Qarshi shahar bo‘limiga ijro etish uchun kiritilgan bo‘lsa-da, lekin haligacha ijrodan darak yo‘qligi haqida tahririyatga murojaat kelib tushdi.
Qayd etilishicha, ijroning o‘z vaqtida bajarilmayotgani va sansalorlikka solib kelinayotgani oqibatida fermer xo‘jaliklariga katta zarar yetmoqda.
Gap shundaki, 2020-yilning iyun-iyul oylari Qarshi shahrida joylashgan «EGOIST AST» MChJ bilan urug‘lik kartoshka olish uchun shartnoma tuzilib, «AGROBANK» ATB Yakkabog‘ filiali tomonidan 22,5 foizli kredit ochilib, shartnomada ko‘rsatilgan barcha pul mablag‘lari o‘z vaqtida «EGOIST AST» MChJ hisob raqamiga o‘tkazib berilgan. Biroq yetkazib beruvchi tomonidan tavsiya etilgan mahsulot sifatsiz va ekish uchun mutloqo yaroqsiz ekanligi sabab, fermerlar urug‘lik kartoshkani qabul qilishmagan.
Bu orada «EGOIST AST» MChJ na sifatli mahsulot yetkazgan, na fermerlarga o‘tkazilgan pulni qaytarib bergan. Oqibatda bank tomonidan ajratilgan kreditga har oy foiz hisoblanib, fermerlarga yo‘q joydan moddiy zarar yetkazmoqda.
Yemagan somsaga pul to‘lash
Fermerlarning «EGOIST AST» MChJdan tegishli mablag‘larni qaytarishda va yetkazilayotgan moddiy zararni qoplab berishda yordam so‘rab qilingan murojaatlari hanuzgacha ijobiy hal bo‘lmayapti. Na sud qarori ijro etiladi, na ularning arzi-dodi eshitiladi.
Chirigan kartoshka urug‘i uchun katta miqdorda pul to‘lab qo‘ygan, kamiga yana har oy foiz to‘lab sillasi quriyotgan fermerlar bu mavsumda o‘zini tiklay oladimi-yo‘qmi — bu ham masala. Og‘ir pandemiya sharoitida xalqni oziq-ovqat bilan ta’minlaganlar — shu fermer va dehqonlar emasmidi? Rag‘bat o‘rniga kuppa-kunduzi ularning «burni qonatilsayu», vaziyatdan foydalanib cho‘ntagini qappaytirganlar bir chetda tishini kavlab tomosha qilib o‘tirsa...
Har holda bu vaziyatda fermer o‘z xohishi va qo‘li bilan pulni qaysidir firibgarga olib borib bermagan. Ta’minotchini ham ular tanlashmagan. Fermerdan «plan» talab qiladigan hokimiyat, ularning huquqini ham ta’minlab qo‘ysa, adolatli bo‘lardi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter