Qashqadaryo viloyati prokuraturasi binosi oldida o‘ziga o‘t qo‘ygan ayolning harakati «provokatsiya» deyilmoqda. Bosh prokuratura holatga oydinlik kiritdi
Kecha ijtimoiy tarmoqlar va ayrim saytlarda Qashqardaryo viloyati prokuraturasi binosi oldida ayol kishi o‘ziga o‘t qo‘yganiga oid xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura matbuot xizmati mazkur xabarga izoh berdi.
Mahkama matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, kuyganligi aytilayotgan fuqaro O.Mustafoyev va uning oila a’zolari tomonidan Koson tumanidagi «T.Sh. Invest» MChJga qarashli yer maydonining bir qismi biron-bir hujjatsiz egallanib, noqonuniy qurilish ishlari amalga oshirilgan. Shundan kelib chiqib, «T.Sh. Invest» MChJ raisi O.Mustafoyevning oila a’zolarini MChJga qarashli yer maydonidan majburiy tartibda chiqarish, noqonuniy qurilmalarni ular hisobidan buzdirish va tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilmaslik majburiyatini yuklash haqida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qiladi.
Fuqaro O.Mustafoyev va uning oila a’zolari sud tomonidan qonuniy qaror qabul qilinishini kutmasdan ushbu holat bo‘yicha Qashqadaryo viloyat prokuraturasiga murojaat qilishgan.
Viloyat prokuraturasi tomonidan O.Mustafoyevga nizo fuqarolik suddida mazmunan ko‘rib chiqilayotgani, holat bo‘yicha barcha vajlariga sud muhokamasi jarayonida baho berilishi haqida qonuniy tushuntirishlar berilgan.
Bundan tashqari, 18.02.2020-yilda ham O.Mustafoyev oila a’zolari bilan birga viloyat prokuraturasida Koson tumani hokimi ishtirokida qabul qilinganida qurilishga 20 mln. so‘m sarflanganligi iddao qilingan. Tuman hokimi tomonidan ularga qurilish noqonuniyligi va buzilishini, ammo kelgusida qonuniy yer uchastkasi ajratilishi va qurilishga homiylik yordami ko‘rsatilishi tushuntirilgan bo‘lsada, bu taklifni rad etishgan.
Shundan keyin, O.Mustafoyev va uning oila a’zolari 19-fevral kuni ertalab nizoli uyda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudya, ekspert va mutaxassislar tomonidan o‘lchov ishlari amalga oshirilayotganligidan norozi bo‘lib, viloyat prokuraturasiga kelishadi. Va ishni o‘z foydasiga hal etish maqsadini ko‘zlab, viloyat prokuraturasi binosi yaqinida ustiga qisman yoqilg‘i sepib, provokatsion harakatlarni sodir etishadi.
RShTYoIM viloyat filialining 19.02.2020-yildagi ma’lumotnomasiga ko‘ra, fuqaro O.Mustafoyevning yelka va bo‘yin sohasida 5-6 foizli yengil kuyish jarohati aniqlangan.
Bizga berilgan xabarda mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter