Qarshida padarkush o‘ziga va otasiga o‘t qo‘ydi. Har ikkisi vafot etgan
Joriy yilning 15 may kuni soat 14:30da Qarshi shahri Temiryo‘lchi mahallasi Barlos ko‘chasi 20-uyda yong‘in sodir bo‘lgani va buning oqibatida ikki kishi dunyodan ko‘z yumgani haqidagi xabar olindi. Tezkor-tergov guruhi tezda hodisa joyiga yetib bordi. Voqea joyini o‘rganish va surishtiruv ishlari amalga oshirildi. Natijada mudhish hodisaning dastlabki tafsilotlari oydinlashdi.
Ma’lum bo‘lishicha, shu manzilda yashovchi fuqaro, 1974 yilda tug‘ilgan, og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etgani uchun muqaddam ikki marta sudlangan Sh.A. otasi 1-guruh nogironi bo‘lgan 80 yoshli J.A. bilan o‘zaro kelishmovchilik tufayli doimiy ravishda janjallashib keladi. O‘sha kuni esa uyga o‘zi bilan yelim idishda benzin yonilg‘isi va temir zanjir olib keladi hamda ko‘zi ko‘rmaydigan, yurolmaydigan ojiz ahvoldagi keksa otasining va o‘zining ustiga benzin sepib yuboradi. So‘ngra temir zanjirning bir uchini o‘zining oyog‘iga, ikkinchi uchini isitish quvuriga bog‘laydi. Uni to‘xtatmoqchi bo‘lgan akasining turmush o‘rtog‘i, uy bekasi A.E.ga qarshilik ko‘rsatib, o‘ziga va otasiga o‘t qo‘yadi. Buning natijasida ular og‘ir kuyishdan vafot etadi.
Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sodiq RAHIMOV,
«Postda» muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter