Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prokuratura tuman hokimi sobiq o‘rinbosarini yana suvdan quruq chiqardimi?

Prokuratura tuman hokimi sobiq o‘rinbosarini yana suvdan quruq chiqardimi?

Foto: «Xabar.uz»

Allaqachon qonuniy nuqta qo‘yilishi kerak bo‘lgan masala achchiq ichakdek cho‘ziladiganga o‘xshaydi. Qonuniy nuqta qo‘yish vakolatiga ega organning o‘zi «ichakni cho‘zayotgan» ekan, boshqacha bo‘lishi mumkinmas. Mana, prokuratura yana «delo»ni yopibdi. Ya’niki, Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobovning harakatlarida jinoyatlar alomatlari yo‘q ekan.

Angrayib qoldingiz-a?

Avvaliga bo‘lib o‘tgan voqealarni eslasak.

  1. 2019-yilning 14-avgust kuni Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari A. Vahobov «Kun.uz» jurnalistlariga tashlanib, tahririyat mulki bo‘lgan texnika vositasini (shtativ) sindirib tashlaydi. Ayni holat tasviri ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi ortidan katta shov-shuv kelib chiqdi.
  2. Voqelikning ertasiga Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati A.Vahobov bilan intervyu uyushtirdi. Unda A. Vahobov jurnalistni o‘ta og‘ir jinoyatda ayblab (pora berish), go‘yoki uning «yo‘rig‘iga yurmagani» uchun o‘zi haqida tanqidiy material tayyorlaganini aytadi.
  3. Jurnalist hokim o‘rinbosari tuhmat qilayotganini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, Bosh prokuraturaga murojaat qiladi.
  4. Bu orada parlament detutati, qator ommaviy axborot vositalari hamda jamoat tashkilotlari amaldorning xatti-harakatlarini qoralab bayonot berdi.
  5. Bayon etilgan holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazgan Toshkent shahar prokuraturasi qaror qildiki, hammasi joyida, hech qanday qonun buzilmagan, A.Vahobovning xatti-harakatlarida jinoyat alomati yo‘q.
  6. Poytaxt prokuraturasining ushbu qarori navbatdagi shov-shuvlarni keltirib chiqardi. Natijada Bosh prokuratura «jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida»gi Toshkent shahar prokuraturasining qarorini bekor qilib, ishni qayta tekshiruvga yubordi. Ayni jarayonda A. Vahobov egallab turgan vazifasidan ozod etilgani ma’lum bo‘ldi. (Uning vazifasidan chetlatilishi jamoatchilik bosimi ostida yuz bergani ehtimoli katta. Yo‘qsa, Toshkent shahar hokimi iste’foga chiqarilgan A.Vahobovni lutflarga ko‘mib bayonot bermasdi-da).

Nihoyat, kuni kecha endilikda sobiqqa aylangan tuman hokimi o‘rinbosari A.Vahobov xatti-harakatlari bo‘yicha prokuraturaning keyingi qarori xabari berildi.

Yangi qaror mazmuni eskisi bilan bir xil: A. Vahobov xatti-harakatlarida jinoyat alomati yo‘q! Ya’niki, prokuraturaga ko‘ra, «Kun.uz» jurnalistlariga (nainki jurnalistlarga?) tashlanib, ularning shaxsiy mulki shikast yetkazish, kamiga ommaviy axborot vositasi orqali (jurnalistni) ochiqdan ochiq og‘ir jinoyatda ayblash nainki jinoyat, hatto ma’muriy huquqbuzarlik ham emas?!

E’tibor bering, bunday to‘xtamga prokuratura bir emas, ikki bor kelmoqda.

A. Vahobov jurnalist sha’niga aytgan ayblovini isbotlab beribdimi? Yo‘q! Aks holda, jurnalistga nisbatan kamida Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilardi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilmadimi, demak, A. Vahobovning ayblovlari tuhmatdan boshqa narsa emas. Tuhmat esa (yana deng, OAV orqali!) Jinoyat kodeksining 139-moddasida (Tuhmat) ko‘rsatilgan ayblovni keltirib chiqaradi. Prokuratura esa ayni modda bo‘yicha ham jinoyat ishi qo‘zg‘atgani yo‘q!

Bu hol borib turgan mantiqsizlik emasmi? Holbuki, qo‘yilayotgan savol oddiydan oddiy: amaldor ayblovini isbotlasin, agar isbotlay olmasa, qonun oldida javob bersin! Bor gap shu. Prokuratura qarorida na unisiga javob bor, na bunisiga!

Prokuratura organlarida «Qonun oldida barcha barobar!» degan gap ko‘p va xo‘b aytiladi.

Amalda-chi? Ayni vaziyatda qani o‘sha barobarlik?

Bunday savollar javobsiz qolmasligi kerak. Vassalom.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring