Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga mulk huquqi berish haqida Hukumat qarori qabul qilindi

O‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga mulk huquqi berish haqida Hukumat qarori qabul qilindi

Foto: «protoday.uz»

Avval xabar berganimizdek «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida»gi Prezident farmoni qabul qilingan edi.

Farmon bilan fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylariga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi e’lon qilingan.

Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida 2018-yil 21-iyunda Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Qaror bilan ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalari tashkil etildi.

Komissiyaga tuman (shahar) hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari raislik qiladi. Komissiya tarkibiga tuman kadastr, qurilish, adliya va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari kiritiladi.

Komissiyalarning ishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish ishlari «respublika-viloyat-tuman(shahar)» uch pog‘onali prinsip bo‘yicha amalga oshiriladi.

Shuningdek qaror bilan «Ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqlarini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida ko‘chmas mulklarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom tasdiqlandi.

Ushbu Nizom turar joylariga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida jismoniy shaxslarning qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalariga yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan yakka tartibdagi uy-joyga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish tartibini belgilaydi.

Nizomda belgilanishicha aksiya ko‘p qavatli uylarga va ularga tutashib ketgan yer uchastkalarida o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga, noturar joylarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan uyga nisbatan mulk huquqini olish uchun imorat joylashgan hududdagi Davlat xizmatlari markazi orqali tuman (shahar) hokimiga ariza bilan murojaat qilishi lozim.

Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

— murojaat etuvchining pasport nusxasi;

— murojaat etuvchining oila a’zolari haqida hamda yer uchastkasiga egalik qilgan muddatlari va imorat qurilgan vaqt to‘g‘risida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ma’lumotnomalari.

Murojaat etuvchidan yuqorida ko‘rsatilmagan ma’lumotlarni, shuningdek, boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab qilish taqiqlanadi.

Murojaat etuvchi tomonidan taqdim etilgan yolg‘on ma’lumotlar yoxud unga ilova qilinadigan hujjatlarning to‘liq emasligi arizani qabul qilishda rad etish uchun asos hisoblanadi.
Arizani boshqa asoslar bilan rad etish taqiqlanadi.

Komissiya ariza kelib tushgandan so‘ng joyga chiqqan holda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni o‘rganadi va dalolatnoma rasmiylashtiradi (barcha tartib-taomillar 11 ish kuni davomida amalga oshiriladi).

Dalolatnomada komissiya a’zolarining xulosalari aks ettiriladi hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish mumkinligi yoki mumkin emasligi ko‘rsatiladi.
Komissiya tomonidan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish mumkin deb topilganda dalolatnoma tasdiqlangan kunning o‘zida Davlat xizmatlari markaziga murojaat etuvchi bir martalik yig‘imni to‘lashi uchun elektron shaklda hisobvaraq-fakturani tizim orqali yuboradi.

Murojaat etuvchi hisobvaraq-faktura tushgan kundan boshlab 4 ish kuni mobaynida hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan to‘lovni (eng kam ish haqining 5 baravari miqdoridagi bir martalik yig‘im) amalga oshirishi kerak.

Bir martalik yig‘im to‘langandan keyin 2 kun mobaynida imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risida tuman (shahar) hokimining qarori loyihasi tayyorlanadi va tasdiqlash uchun tuman (shahar) hokimiga taqdim etiladi. Tuman (shahar) hokimining qarori 2 ish kuni mobaynida qabul qilinadi.
Qabul qilingan qaror nusxasi Davlat xizmatlari markazi tomonidan murojaat etuvchiga taqdim etiladi.

Ushbu nizomda belgilangan eng muhim narsa shuki, fuqaro bor yo‘g‘i ikki marta Davlat xizmatlari markaziga boradi ya’ni bir marta ariza topshiradi, ikkinchi marta pul to‘laydi. Ya’ni hokimiyat, kadastr, qurilish va x.k idoralarga qatnash shart emas.

Quyidagi hollarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi e’tirof etiladi va imorat joylashgan yer uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqi beriladi:

o‘zboshimchalik bilan egallab olingan, jismoniy shaxslar tomonidan uzluksiz foydalanilayotgan yer uchastkalari, agar o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini buzmasa yoki fuqaroning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasa, qonun hujjatlarida belgilangan me’yorlar (shu jumladan, har bir oilaga belgilangan me’yorlar) doirasida;

— belgilangan tartibda berilmagan yer uchastkalarida qurilgan ob’yektlar mulkdori bo‘lmagan, lekin o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilib jismoniy shaxslar tomonidan foydalanilayotgan imoratlariga va yer uchastkasiga;

— jismoniy shaxslar tomonidan «Yer to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinishiga qadar yakka tartibda uy-joy qurish, shaxsiy yordamchi xo‘jalik yuritish uchun foydalanib kelayotgan imoratlar va yer uchastkasiga huquqlarini belgilovchi hujjatlari saqlab qolinmagan bo‘lsa;

— dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jalik yuritish uchun foydalanilmayotgan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va ularda qurilgan imoratlarga «Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 8-moddasida belgilangan me’yorlar doirasida.

Quyidagi hollarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi e’tirof etilmaydi:
aholi punktlarining bosh rejalari va ularning qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalariga, qishloq fuqarolari yig‘inlari hududlarini me’moriy rejalashtirishni tashkil etish loyihalariga zid ravishda joylashgan imoratlarga;

— magistral quvurlar, temir yo‘l va avtomobil yo‘llari, elektr quvvati uzatish va aloqa liniyalari qo‘riqlanadigan muhofaza zonalari, suv muhofazasi va sanitariya-himoya zonalarida, shuningdek aerodromlar va chiqindilar va boshqa zaharli moddalarni ko‘mish joylari yaqinida joylashgan imoratlarga;

— qonun hujjatlari bilan qurilishi taqiqlangan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda hamda tabiiy xavfi yuqori bo‘lgan hududda joylashgan imoratlarga;

— o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasida qurilgan imoratlar shaharsozlik normalari va qoidalarini buzib qurilgan bo‘lsa, uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzsa yoxud fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirsa.
Komissiya tomonidan shaxsning o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratiga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish mumkin emas deb topilganda komissiya ishchi organi rad etish asoslari ko‘rsatilgan xat tayyorlaydi va dalolatnomaning nusxasini ilova qilgan holda uni dalolatnoma tasdiqlangan kunning o‘zida Davlat xizmatlari markaziga hamda tuman (shahar) hokimiga tizim orqali yuboradi.

Murojaat etuvchi komissiya qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, bir martalik aksiya tugagunga qadar tegishliligi bo‘yicha yuqori turuvchi komissiyaga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring