Shunchalik soddamizmi? Kamerunliklar o‘zbeklarni qanday chuv tushirgani ma’lum bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan Kamerun fuqarolariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari yakuniga yetdi.
Avval xabar berilganidek, Kamerun Respublikasidan kelgan bir necha fuqarolar o‘zlarining qabih niyatlarini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasiga go‘yoki sayyoh sifatida kelishib, osuda va farovon yurt fuqarolarini mulkini talon-toroj qilish payiga tushishadi.
Ular Kamerun davlatida bo‘la turib, jinoiy rejalarini amalga oshirishlari uchun O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi bir necha fuqarolar bilan internet ijtimoiy tarmoqlari orqali muloqotga kirishib, o‘zlarini «investor» sifatida tanishtirishgan. Muloqot jarayonida o‘zaro hamkorlikni taklif qilib, fuqarolarning iqtisodiy tomondan moliyaviy ahvolini bilib, sarmoya kiritish imkoniyatiga ega shaxslarni saralab olishadi.
Shundan so‘ng, o‘zbekistonlik tadbirkorlarning qanday faoliyat bilan shug‘ulanayotganliklarini bilib, o‘zlarini ham ushbu soha vakili sifatida ko‘rsatib ishonchiga kirishishadi.
Jinoiy rejaga ko‘ra, Kamerun fuqarolari O‘zbekistonga sayyoh sifatida kelishib, internet tarmog‘i orqali yaqin muloqatga kirishib olgan fuqarolar bilan uchrashishadi. Uchrashuv vaqtida ularga O‘zbekistonga barchasi 100 AQSh dollarlik kupyuralardan iborat katta miqdorda 2 miliondan 10 milion AQSh dollarigacha bo‘lgan pul mablag‘larini olib kelayotganliklarini, biroq ushbu pullarni bojxona xizmatidan chetlab o‘tish uchun qora va oq rangga bo‘yaganliklarini, O‘zbekistonga kelgach ularni yana valyutaga aylantirish uchun haqiqiy valyuta kupyurasi va kimyoviy kukunlar zarurligini aytib, 100 AQSh dollaridan maxsus qog‘ozga kimyoviy aralashmalar yordamida 300 AQSh dollari tayyorlab berishi mumkinligini aytib, pullarni ko‘paytirib olish imkoniyati borligini aytgan holda fuqarolarni qiziqtirib, aldov yo‘li bilan bir nechta fuqarolardan jami 340.000 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘larini aldov yo‘li bilan egallab, juda ko‘p miqdorda mulkiy zarar yetkazishgan.
Mazkur holat yuzasidan 2019-yil 2-oktyabrda IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan Kamerun Respublikasining bir necha fuqarolariga nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.
O‘tkazilgan tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, Kamerun Respublikasi fuqarolari firibgarlik jinoyatidan tashqari juda ko‘p miqdorda qalbaki pullarni o‘tkazish bilan ifodalangan ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etganliklari aniqlanib, Kamerun fuqarolari «KOM HIPPOLYTE ARISTIDE, BIAKOP PATRICK va TAGUE SIANDEU FABIEN»larga nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 176-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan, «TOMI TCHAPMI RODRIGUE WILFRED»ga nisbatan JKning 168-moddasi 3-qismi «a,b» bandlari bilan va «JOHN FRU NDUMA FOMBE»ga nisbatan esa 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan ayblov e’lon qilinib, ularning barchasiga «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va dastlabki tergov harakatlari tamomlangan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan ayblov xulosasi tuzilib, tegishli sudlovlikda ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasi JPKning 381-moddasi tartibida Bosh prokuraturaga yuborilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter