O‘zbekistonda ishsizlik nafaqasi miqdori qancha?
Mehnat kodeksining 65-moddasiga muvofiq, ishsizlik nafaqasi ishsiz deb e’tirof etilgan shaxsga u ish qidirayotgan shaxs sifatida mahalliy mehnat organida ro‘yxatdan o‘tgan kundan e’tiboran tayinlanadi. Qaramog‘ida uchtagacha kishi bo‘lgan, o‘ttiz besh yoshga to‘lmagan ishsiz erkakka ishsizlik nafaqasi u haq to‘lanadigan jamoat ishlarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda ishtirok etgan taqdirda tayinlanadi. Ishsiz shaxsning nafaqa olish huquqi u ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan paytdan boshlab kechi bilan o‘n birinchi kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ishsizlik nafaqasi ko‘pi bilan:
*ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan yoki uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxsga o‘n ikki oylik davr mobaynida yigirma olti kalendar hafta;
*ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxsga esa o‘n uch kalendar hafta mobaynida to‘lanadi.
Ishsiz ishsizlik nafaqasini olish davrida ish qidirishi va har ikki haftada kamida bir marta mahalliy mehnat organiga ishga yoki kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga, malakasini oshirishga yo‘llanma olish uchun murojaat qilishi shart.
Davlatimizda ishsizlik nafaqasi miqdori qancha?
O‘zbekiston Respublikasining «Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risi»dagi qonunga muvofiq ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan taqdirda, ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga oldingi ish joyidagi o‘rtacha ish haqining ellik foizi miqdorida, ammo qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqidan oz bo‘lmagan va nafaqani hisoblash paytida O‘zbekiston Respublikasida tarkib topgan o‘rtacha ish haqidan ortiq bo‘lmagan miqdorda ishsizlik nafaqasi to‘lanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter