«Oq oltin»dagi janjal. Uchastka noziriga nisbatan xizmat tekshiruv tayinlandi
Ijtimoiy tarmoqlarda olib kelingan arzon narxdagi un mahsuloti xalqqa tarqatmay, to‘plangan odamlar uchastka noziri tomonidan urib-so‘kib haydalayotganiga oid lavha tarqalgandi.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, voqelik shu yilning 9 aprel kuni Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumani «Andijon» MFYda yuz bergan. Shu kuni ayni hududda aholi uchun asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining ko‘chma savdosi tashkil qilingan bo‘lib, un mahsuloti sotuvi vaqtida tartibsizlik yuzaga keladi.
Shunda jamoat profilaktika inspektori U.Mustafaqulov navbat bilan un mahsulotlarini sotib olishlari bo‘yicha bir necha marotaba ogohlantirishiga qaramasdan fuqarolar «ijtimoiy masofa» saqlash tartibini buzgan holda uni va «Andijon» MFY raisi I.Sharofiddinovlarni uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgan. Ayni jarayonda U.Mustafaqulov mast holda jamoat tartibini buzgan fuqaro D.Kulonovni qo‘li bilan turtib, jamoat tartibini saqlashini va bu yerdan ketishini talab qiladi.
Hozirda, mazkur holat yuzasidan Oqoltin tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv davomida, ishga aloqador shaxslardan tushuntirish xatlari olingan. Uchastka noziri U.Mustafakulovning harakatlari yuzasidan esa xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Bundan tashqari, yuqoridagi tartibsizlik holatini video tasvirga olgan fuqaro S.Jangirovaning harakatlari yuzasidan ham tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter