Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy sud matbuot xizmati fuqarolar qabuli bo‘yicha bildirilgan tanqidlarga munosabat bildirdi

Oliy sud matbuot xizmati fuqarolar qabuli bo‘yicha bildirilgan tanqidlarga munosabat bildirdi

Foto:«Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Oliy sud vakillarining fuqarolar uchun qabul eshiklarini yopib olgani borasidagi tanqidiy fikrlariga nisbatan rasmiy munosabat bildirildi.

Oliy sud matbuot xizmatiga ko‘ra, mamlakatimiz hududida karantin choralari kuchaytirilgan kezlari Oliy mahkama Rayosati Qaroriga ( «O‘zbekiston Respublikasi sudlarida COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish to‘g‘risida», 2020 yil 20 martdagi RS-13-20-son) asosan, fuqarolarning shaxsiy qabuli, shu jumladan, Oliy sud raisi va rais o‘rinbosarlari  qabuli vaqtincha to‘xtatilgani bor gap. Ammo  shikoyat hamda arizalar  elektron shaklda [email protected] pochta manzili orqali qabul qilish, ularning amaldagi qonunchilikka muvofiq ko‘rib chiqilib, qonuniy hal etish choralari ko‘rilgan. Shuningdek, sudlarga elektron murojaatlar, shuningdek, Oliy sud rahbariyati qabuliga elektron ro‘yxatdan o‘tish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining interaktiv xizmatlari portali my.sud.uz orqali ham amalga oshirilganini  qayd etar ekan, «...Oliy sud rahbariyati tomonidan fuqarolarning qabuli mutlaqo amalga oshirilmadi», degan iddaolar asossiz, deya ta’kidlaydi.  Aytilishicha, 2020 yil mobaynida Oliy sud rahbariyati tomonidan jami 5 896 nafar fuqaro qabul qilingan. Ularning 1 876 nafari bevosita Oliy sudda, 3846 nafari sayyor qabullarda, 174 nafari videokonferensaloqa tizimi yordamida qabul qilingan.  Bundan tashqari tarmoqlardagi muhokamalarda nomi tilga olingan Oliy sud raisining o‘rinbosari I. Muslimov  o‘tgan yili 1 472 nafar (bevosita Oliy sudda 685, sayyor qabullarda 775 nafar, videokonferensaloqa tizimi orqali 12 nafar) fuqaro qabul qilinganiga urg‘u beriladi.

Munosabatda Oliy sud rahbariyati qabuliga kirish tartibi xususida ham alohida to‘xtalib o‘tiladi. Joriy etilgan tartibga asosan ( va har bir sudya mustaqil ekanligi nuqtai nazaridan xolislikni ta’minlash maqsadida) fuqarolar Oliy sud raisining qabuliga rais o‘rinbosarining qabulidan keyin (rais o‘rinbosarining javob xatidan norozi bo‘lgan taqdirda) kirishlari belgilangan. «Ushbu tartibdan bexabar ayrim fuqarolar o‘rtasida ba’zan tushunmovchiliklar yuzaga kelishi tabiiy, albatta. Bunday noroziliklarni ijtimoiy tarmoqlarda zudlik bilan tarqatib yuborish orqali keng jamoatchilik o‘rtasida sudlarga nisbatan salbiy fikrlar yuzaga kelayotganidan ham ko‘z yumolmaymiz», deyiladi munosabatda. Shu barobarida pandemiya munosabati bilan Oliy sud rahbariyati tomonidan fuqarolar qabulini to‘laqonli amalga oshirish imkoniyati bo‘lmaganligi, o‘z navbatida, ayni shu murakkab vaziyat sababli ba’zi fuqarolarga sudga murojaat qilishi uchun noqulay vaziyat yuzaga kelganligi ham inkor etilmaydi.

Bugungi kunda Oliy sud rahbariyati, umuman, sudlarda fuqarolarning qabuli belgilangan tartibda va karantin qoidalarga to‘liq rioya qilingan holda amalga oshirilmoqda, deya ta’kidlanadi munosabat nihoyasida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring