Og‘ir jinoyat sodir etgan mahkumlar ovoz berish imkoniyatiga egami?
Joriy yilning 24-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova mamlakatimizga kuzatuvchi sifatida tashrif buyurgan Novosibirsk viloyati Inson huquqlari bo‘yicha vakili Shalabayeva Nina Nikolayevna va Sverdlovsk Ombudsmani Merzlyakova Tatyana Georgiyevnalar bilan uchrashdi.
O‘zaro muloqot davomida fuqarolarning saylov huquqlarini kafolatlash borasida mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar, saylovni tashkil etish hamda siyosiy jarayonlarni ochiq va shaffof yoritilishi haqida so‘z bordi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda saylovga oid qonunchilikni xalqaro standartlarga mos ravishda takomillashtirilishi natijasida saylov jarayonlarini boshqarish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim va saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati joriy etildi. Xorijda vaqtincha yashab turgan mehnat muhojirlari, talabalar va boshqa yurtdoshlarimizga saylovda ishtirok etishlari uchun keng sharoitlar yaratildi. Ozodlikdan mahrum etilgan, biroq og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etmagan mahkumlarga ovoz berish imkoniyati yaratildi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ham ularning saylash huquqlaridan barcha fuqarolar singari teng foydalana olishlari uchun saylov uchastkalarida yaratilgan sharoitlarni o‘rganish masalasi doim e’tiborimizda – dedi Inson huquqlari bo‘yicha vakil.
Shuningdek, o‘rganishlar davomida imkoniyati cheklangan shaxslar o‘z siyosiy huquqlarini to‘lakonli amalga oshirishlari uchun yetarlicha sharoitlar yaratilgani, jumladan ularga alohida kabinalar ajratilgani, kirish va chiqish joylarida panduslar joylashtirilgani, ko‘rish imkoniyati cheklanganlar uchun brayl alifbosidagi byulleten trafareti bilan ta’minlangani va saylov uchastkalariga surdo tarjimonlar jalb qilinayotganiga guvoh bo‘lganliklari qayd etildi.
Merzlyakova Tatyana — Sverdlovsk xududidagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)
— Nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylash huquqlaridan foydalana olishlari uchun saylov uchastkalarida yaratilgan sharoitlarni o‘rganish doim Ombudsman nazoratida bo‘lishi kerak. Chunki saylovchi qanchalik jismoniy imkoniyatlari cheklangan bo‘lishiga qaramay o‘z siyosiy huquqidan foydalana olishi kerak. Qolaversa, saylash huquqiga ega bo‘lgan mahkumlar huquqlarini ta’minlashda ham Ombudsman ishtiroki juda muhim. Bu mening O‘zbekistonga kuzatuvchi sifatidagi ikkinchi tashrifim. O‘tgan Parlament saylovlarida ham Buxoro viloyatidagi saylov uchastkalarini kuzatib, juda yaxshi taasurotlar bilan qaytganman va o‘zimning ijobiy hulosamni berganman. Aytishim mumkinki, O‘zbekiston faqat yuqoriga ildamlayapti. Shuning uchun ham prezidentlik saylovi ham xalqaro talablar darajasida o‘tadi deb o‘ylayman.
Uchrashuv davomida Feruza Eshmatova mehmonlarga Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili institutining saylov jarayonidagi ishtirokiga to‘xtaldi.
— Shu kunlarda Ombudsman instituti xodimlari va uning mintaqaviy vakillari jamoatchilik tashkilotlari bilan birgalikda jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashriflari davomida saylash huquqiga ega bo‘lgan mahbus va mahkumlarga ularning O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti saylovida ishtirok etishi tushuntirilib, saylovga tayyorgarlik jarayonlarida inson huquqlarining to‘liq ta’minlanish holatlari o‘rganilmoqda.
Nina Shalabayeva — Novosibirsk viloyati Inson huquqlari bo‘yicha vakili
— Saylov jarayonlarida Ombudsmanning roli va ishtiroki juda muhim. Shaxsan o‘zim ham Rossiya Federatsiyasida o‘tgan saylov jarayonlarida saylov uchastkalariga borib saylovchilar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganganman. Rossiya tajribasi haqida gapiradigan bo‘lsam, bizda videokuzatuv markazi tashkil etilgan bo‘lib, partiya vakili va kuzatuvchilar barcha uchastka saylov komissiyalaridan onlayn tarzda uzatilgan yozuvlarni ko‘zdan kechirib, saylov jarayonining borishi bo‘yicha nazorat o‘rnatishlari mumkin. Shuningdek, Rossiyada O‘zbekistondan farqli ravishda mahkumlar saylash huquqiga ega emas. Faqatgina sud qarori bilan aybi tasdiqlanmagan, ishi tergovda bo‘lgan shaxslargina ovoz berishi mumkin.
Uchrashuv davomida Ombudsmanlar inson huquqlarini ta’minlash borasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish va tajriba almashish borasida fikr almashishdi.
Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter