Oliy sud matbuot xizmati jurnalist va blogerlarni sudga ta’sir o‘tkazayotganini iddao qilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati Xalq ta’limi vazirligining sobiq deputat Qobul Dusovga nisbatan tashkilotning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish to‘g‘risidagi da’vo arizasi bo‘yicha o‘tkazilayotgan sud protsessi bo‘yicha bayonot berdi.
Unga ko‘ra, ayni paytda sud to‘xtatilgan. Chunki, 2020-yil 23-sentyabr kunidagi sud ajrimiga muvofiq fuqarolik ishi yuzasidan sud-lingvistika ekspertizasi tayinlangan va uni o‘tkazish Chirchiq davlat pedagogika institutiga yuklatilgan. Ekspertiza xulosalari olinganidan so‘ng sud jarayoni davom ettiriladi.
Fuqarolik ishi FIB (fuqarolik ishlari bo‘yicha) Chirchiq tumanlararo sudida ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, Oliy sud matbuot xizmati mazkur bayonoti sud jarayonlarini yoritib kelayotgan jurnalist va blogerlarni sudga ta’sir o‘tkazayotganini iddao qiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan ushbu fuqarolik ishi bo‘yicha o‘tkazilayotgan sud jarayonini yoritayotgan ayrim jurnalist va blogerlar e’tiborini O‘zbekiston Respublikasining «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonuni 6-moddasi (ommaviy axborot vositalari erkinligini suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘yilmasligi) ning talablariga yana bir bor qaratmoqchimiz, deyiladi bayonotda. Mazkur qonun talabi muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yo‘l bilan ta’sir ko‘rsatish ta’qiqlanishi ta’kidlanar ekan, sud – mustaqil hokimiyat ekani, u kimningdir fikri va talabi bilan ish tutmasligi, faqat qonunga tayanadi, dalillarga asoslanishiga alohida urg‘u beradi. Bundan tashqari demokratik huquqiy davlatni so‘z erkinligi, ya’ni fikrlar xilma-xilligi tamoyilisiz tasavvur etib bo‘lmasligini ham e’tirof etgan Oliy sud matbuot xizmati fikrlar xilma-xilligini xayolga kelgan gapni aytish, birovni haqorat qilish, shaxs qadr-qimmati va sha’nini yerga urush emasligi, bunday yo‘l tutishni kaltabinlik (!) deb baholaydi. «Ammo ba’zi jurnalistlar va blogerlar sud jarayonida ishtirok etarkan, hali sud hukmi yoki qarori o‘qib eshittirilmay turib, bu haqda taxminiy munosabatlarini saytlarida e’lon qiladi. Bu ham – sudga, sudyaga bosim o‘tkazishning bir ko‘rinishidir», deyiladi bayonotda. Gap oxirida esa «sud ishiga asossiz aralashish, sudyani hurmat qilmaslik mavjud qonunlarga bepisandlik sifatida baholanishini unutmang», deb beozorgina va g‘oyibdan «buringa chertib» qo‘yiladi.
Qisqasi, bayonotning mazmuni shu. Bahslashmaymiz, tortishmaymiz. Faqat ko‘ngilda savol tug‘iladiki, bayonotda ta’kidlanganidek, sud – mustaqil ekani va u kimningdir fikri va talabi bilan ish tutmay, aksincha, faqat qonunga tayanar, dalillarga asoslanar ekan, jurnalistlarning kulchadek axborotidan sudya «bosim ostida» qolishi mumkinmi o‘zi? Shoir lafzidan aytsak, «oqibat gap shunda»!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter