Ikki marta jazo olgan shaxs qamalayotganda «yoshligi»ni ro‘kach qildi
Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanilik fuqaro B.J. ikki yil avval, ya’ni 2022 yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 169-moddasi (O‘g‘rilik) va 164-moddasi (Bosqinchilik) jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, 4 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini olgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining 2023 yildagi ajrimiga ko‘ra, B.J.ning o‘talmay qolgan 2 yil 8 oy 11 kuni axloq tuzatish ishlari jazosi bilan almashtirilgan. Biroq, shu davrda yana jinoyatga qo‘l urgan. Va jinoyat protsessual kodeksining 221- (Ushlab turish asoslari), 227-moddalari (Ushlab turilganlarni saqlash joylari) tartibida ushlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi raisi Boborahim Ochilovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, B.J. keyingi jinoyati uchun o‘tashi lozim bo‘lgan ozodlikni cheklash jazosi davrida o‘ziga tegishli xulosa chiqarmay, yana qasddan jinoyat sodir qilgan.
Endigina 20 yoshga kirgan B.J. joriy yilning may oyida taxminan soat 01:30larda Qorako‘l tumani, Qozon mahallasida yashovchi fuqaro H.Q.ning yashash xonadoni oldida eshiklari ochiq va kaliti o‘zida qoldirilgan «Damas» rusumli avtomashinani olib qochgan. Avtomashinani «Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi» yo‘nalishidagi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan M-37 avtomobil yo‘li bo‘ylab boshqargan. Yo‘lning 325-kilometriga yetganida, qarama-qarshi tomondan kelayotgan boshqa bir avtomashina bilan yo‘l transporti hodisasini sodir qilgan va «Damas»ni tashlab qochib, voqea joyidan yashiringan.
Shu kuni voqea joyidan qochib ketayotib, o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan mahalladoshi H.H.ning hovlisi oldidan o‘tayotganda, uning darvozaxonasi yonida turgan «Onix» rusumli avtomashinaning pulti va kaliti o‘zida ekanini ko‘rgan. Avtomashinani o‘g‘irlab ketgan. Avvaliga qayerga borishni bilmagan B.J. «Tojikent» mahallasida yashovchi va o‘zi yoqtirgan qiz D.I.ga qo‘ng‘iroq qilgan. Qiz bilan uchrashib, u bilan boshqa birovga tegishli avtomashinada tuman markaziy ko‘chalarida bamaylixotir aylangan. So‘ng D.I.ni uyiga etib qo‘ygan va keyin avtomashinadan taksi sifatida foydalanib, pul ishlash maqsadini ko‘zlagan. Qorako‘l tumani bosh bekat oldiga borgan va «Do‘rmon» mahallasigacha ikki nafar yo‘lovchini olib, ularni manziliga olib borib qo‘ygan. Qaytayotganda yana yo‘l transport hodisasini yuzaga keltirgan. «Onix» yo‘l chekkasiga ag‘darilib ketgan. Qo‘rqib qolgan B.J. voqea joyidan yana qochgan.
Soat 17:30 larda fuqaro H.H.ga ichki ishlar organlari tomonidan qo‘ng‘iroq qilib, o‘ziga tegishli bo‘lgan avtomashinaning ag‘darilib yotgani, yana xuddi shu hududga yaqin manzilda «Damas» ham talofat ko‘rgani bildirilgan. H.H. esa o‘zi uyda ekani, bugun hech qayoqqa chiqib ketmagani va avtomashinasi darvozaxonasi oldida ekanini aytgan. Biroq, H.H. ko‘chaga chiqib qaraganida, avtomashinasi joyida emasligini IIB xodimlariga bildirgan.
Olib borilgan tezkor qidiruv va tergov harakatlari davomida har ikki jinoyat ham bitta shaxs – B.J. tomonidan sodir etilgani aniqlangan. B.J. qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi va jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni ishlab to‘lashi haqida ko‘rsatma bergan.
«Yoshligimga bordim va men hali yoshman. Yoshligim va qiziqqonligimni inobatga olib, qonuniy yengillik berishingizni so‘rayman», — degan B.J.
Sud esa shuncha ogohlantiruvlarga hamda ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotganiga qaramay, jinoiy xatti-harakatlari bilan birmas, bir necha marotaba qasddan jinoyat sodir qilgan B.J. nisbatan sud hukmini o‘qigan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 169-moddasi hamda 267-moddasi (Transport vositasini olib qochish)da ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan 20 yoshli yigitga 5 yilu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter