Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«HUMAN»  rahbari «yeb ketilgan» milliardlarni qanday  to‘laydi?

«HUMAN»  rahbari «yeb ketilgan» milliardlarni qanday  to‘laydi?

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Xabar qilinganidek, 2020-yil 27-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida sudlanuvchi «HUMAN» xususiy bandlik agentligi rahbari Sh.Fayzullayevga nisbatan hukm o‘qildi. Unga ko‘ra, sudlanuvchi 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi, shuningdek, uning zimmasiga jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlarni qoplash majburiyati ham yuklatildi.

Jabrlanuvchilar soni 1080 nafardan ortiq bo‘lib, ularga jami 21 milliard 192 ming so‘mdan ziyod moddiy zarar undirilishi belgilangani inobatga olinsa, sudlanuvchi buncha pulni qanday to‘laydi, degan savol ko‘ndalang bo‘ladi.

Albatta, dastlabki tergov jarayonida zararlarni qoplashga qaratilgan choralar qo‘llanishi tayin. Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning «HUMAN ishi» bo‘yicha bergan qo‘shimcha ma’lumotlariga qaraganda, sud hukmida IIV Tergov departamentining depozit hisob-raqamida saqlanayotgan 1 290 913 279 so‘m pul mablag‘lari jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplashga qaratilgan.

Bundan tashqari, dastlabki tergov davrida xatlangan quyidagi mol-mulklar, ya’ni:

  • Toshkent shahri, Sergeli tumani, 8-mavze, 23-uy, 16-xonadon;
  • Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Sayram ko‘chasi, 109/22-uy;
  • Toshkent shahri, Olmazor tumani, Sebzor S-17/18 mavze, 4a-uy, 14-xonadon;
  • Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Alisher Navoiy ko‘chasi, 75-uy;
  • davlat raqami 01 G 418 GB bo‘lgan «Captiva» rusumli avtomashina;
  • Sh.Fayzullayev tomonidan faoliyati davrida sotib olingan davlat raqami 01 D 296 GB bo‘lgan «KIA» rusumli yuk avtomashinasi;
  • davlat raqami 10 G 400 AA bo‘lgan «Lacetti» rusumli avtomashina;
  • davlat raqami 01 W 688 FB bo‘lgan «Cobalt» rusumli avtomashina

ham ijro organlari orqali sotuvga qo‘yilishi va sotuvdan tushgan pul mablag‘lari jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash uchun ularga proporsional tarzda taqsimlab berilishi hukmda alohida qayd etilgan.

Shunga qaramay, IIV Tergov departamenti depozit hisob-raqamida saqlanayotgan pul mablag‘lari va yuqorida ko‘rsatilgan mulklarning xom-cho‘ti sudlanuvchi tomonidan aldangan fuqarolarga yetkazilgan zararlarni qoplamasligi ehtimoli katta.

Negaki, Oliy sud matbuot xizmati kecha tarqatgan ma’lumotda Sh.Fayzullayevdan 1080 nafardan ortiq jabrlanuvchilar foydasiga 21 mlrd. 192 ming so‘mdan ziyod miqdorda moddiy zarar undirish belgilangani alohida qayd etiladi. Xatlangan mol-mulk va depozitda saqlanayotgan pullarning umumiy (va taxminiy) hisob-kitobi zararni qoplash imkoniyatini bermas ekan, adolat tantanasida haqida gapirishga shoshmayroq turish kerakday...

Eslatib o‘tamiz, «HUMAN» xususiy bandlik agentligi rahbari Sh.Fayzullayev va boshqalar minglab fuqarolardan Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Bolgariya va Litva davlatlariga ishga joylashtirishni va’da qilib, ularning har biridan (taklif etilgan ishdan kelib chiqqan holda) 6 300 000 so‘mdan 35 000 000 so‘mgacha pul olgan. Biroq amalda ularni hech qayerga yubormay juda ko‘p miqdordagi mablag‘ga firibgarlik yo‘li bilan ega chiqqanlikda ayblanib, sudga tortilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring