Hokimlik mansabdorlari qanday jinoyatlar bilan qo‘lga tushayotgani aytildi
Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev raisligida o‘tgan idoralararo yig‘ilishda qurilish sohasi korrupsiyalashgan sohalardan biri bo‘lib qolayotgani qayd etildi.
So‘nggi ikki yilda bu sohada 1.233 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Qurilish uchun yer ajratish, tanlov va tender o‘tkazish, shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish jarayonlarida korrupsiya ko‘plab kuzatilmoqda.
Misol uchun, Navbahor tuman hokimining 1-o‘rinbosari X. «Konimex baliqchi» jamiyati rahbari A.dan baliqchilik havzasiga kollektor qazilishiga ruxsat berishi evaziga 11 ming dollar olganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Budjetdan moliyalashtiriladigan qurilish ishlari uchun pudratchilarni tanish-bilishchilik yoki pora evaziga tanlab olish kabi korrupsiyaviy amaliyot kuzatilmoqda.
«Suvoqova» korxonasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi mutaxassisi N. «Diyorbek Uchqun» korxonasi rahbari B.ga tanishlari orqali qurilish ob’yekti olib berish evaziga 14 ming dollar berishni talab qilib, 9 ming dollar olganda qo‘lga olingan.
Bu sohada davlat boshqaruvi va nazoratiga mas’ul Qurilish vazirligi tizimida ham suiiste’molchiliklar kuzatilayotganligi alohida ta’kidlandi.
Misol uchun, Toshkent shahar hokimligining kapital qurilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A. va Chilonzor tuman hokimiyati bo‘limi boshlig‘i Sh. «Max Saodat» jamiyatiga ko‘p qavatli uy-joy qurish uchun Chilonzor tumanidan 1 gektar yer ajratish evaziga 1 mln. 400 ming dollar talab qilib, 50 ming dollarni olgan vaqtda ushlangan.
Yig‘ilishda o‘tgan ikki yilda qishloq xo‘jaligi sohasiga daxldor vazirlik va idoralarning 391 nafar xodimlari turli ko‘rinishdagi jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgani ma’lum qilindi.
Misol uchun, Yangiyo‘l tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Yu. «Valiyev Invest baraka» fermer xo‘jaligi rahbari V. bilan til biriktirib, fermer xo‘jaligining 30 sotix yer maydonini soxta kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish orqali 38.400 dollarga sotib yuborgan.
Qishloq xo‘jaligi sohasining rivoji, avvalo, yer maydonlaridan oqilona va samarali foydalanish bilan chambarchas bog‘liq.
Ayrim rahbarlar tomonidan yerlardan xo‘jasizlarcha va noqonuniy foydalanish holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi ta’kidlandi.
Xususan, yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazish jarayonida respublika bo‘yicha 967 ta holatda 34.822 gektar yer maydoni qonunga zid ajratib berilgan.
Yer ajratish va undan foydalanishda korrupsiya, tanish-bilishchilik, oshna-og‘aynigarchilik holatlari mavjudligi qayd etildi.
Buxoro viloyatida qisqa muddatda o‘tkazilgan o‘rganishlarda 21.493 gektar yerni noqonuniy muomalaga qaratish bilan bog‘liq qonunga zid qarorlar qabul qilingan.
Misol uchun, Jondor tuman hokimi 2020 yil 16 maydagi qarori bilan o‘rinbosarining yaqin qarindoshiga 100 gektar yer maydonini chorvachilik yo‘nalishida, garchi yetarli chorvasi bo‘lmasada, noqonuniy ajratib bergan.
Yer ajratish jarayonlarida korrupsiyaviy jinoyatlari uchun so‘nggi ikki yilda hokimliklarning 22 nafar mas’ul xodimlari javobgarlikka tortilgan.
Xususan, Arnasoy tuman hokimining o‘rinbosari S. «Oqqush halol parranda» jamiyati rahbari J.ga 10 gektar yer ajratib berish evaziga 13 ming dollar talab qilib, 2 ming dollar olganida qo‘lga tushgan.
Shu kabi, yer ajratib berish evaziga Yunusobod tuman hokimi o‘rinbosari Z. 5 ming, Buvayda tuman hokimi o‘rinbosari D. 20 ming, Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi uy-joy shirkatlari uyushmasi raisi A. 35 ming dollar olganligi uchun qonun oldida javob berdi.
Ayrim xodimlar tadbirkorlarga yordam berish o‘rniga, ulardan tamagirlik qilib, pul undirayotganligi tashvish bilan ta’kidlandi.
Misol uchun, Surxondaryo viloyat hokimligi bo‘limi boshlig‘i I. Sho‘rchi tuman hokimligi bosh mutaxassisi T. orqali tadbirkor B.dan 1 mlrd. so‘m imtiyozli kredit olishida yordam berganligi uchun 2 ming dollarni talab qilib olgan.
Bo‘sh binolarni tadbirkorlikka jalb qilish borasida ham turli qonun buzilishlarga yo‘l qo‘yilmoqda.
Misol uchun, Andijon viloyat hokimligi mutaxassisi Q. muqaddam sudlangan A. va M. bilan til biriktirib, soxta hujjatlar bilan Shahrixon tuman Silga qarshi kurashish dispanseri binosini «nol» xarid qiymatida qo‘lga kiritgan.
Keyinchalik binoda hech qanday tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymasdan, binoni buzib, qurilish materiallarini 760 mln. so‘mga sotib yuborgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter