Farg‘onalik jurnalist hech kimga da’vosi yo‘qligini bildirdi – Bosh prokuratura
Farg‘onada «Ma’rifat» gazetasining viloyat muxbiri Sharifa Madrahimova mahalliy hokimiyat va IIB bosimiga uchragani ma’lum qilingandi.
Yuz bergan holat yuzasidan o‘sha kuniyoq prokuratura tomonidan surishtiruv ishlari boshlanganidan ham voqifsiz.
Bosh prokuratura surishtiruv ishlari bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni ochiqladi. Mahkama matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Bosh prokuratura topshirig‘i va nazorati ostida Uchko‘prik tuman prokuraturasi tomonidan «Farg‘onalik jurnalist Sharifa Madrahimova mahalliy hokimiyat va IIB bosimiga uchradi» mavzusidagi xabarlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ayni jarayonda birinchi navbatda jurnalistga kuch ishlatilganiga (uyali telefonini tortib olish paytida) oydinlik kiritish maqsadida Sh. Madrahimova sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Hujjat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan.
Qo‘qon tumanlararo sud-tibbiy ekspertiza punktining 23.04.2020-yildagi 1524-sonli xulosasiga ko‘ra, jurnalist Sh.Madrahimovada tan jarohatlar aniqlanmagan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida Uchko‘prik tuman hokimi nomiga kotib Sh.Mo‘ydinovning harakatlariga baho berish maqsadida idoraviy tekshiruv o‘tkazish, shuningdek, tuman IIB xodimi A.Madrahimov va boshqalarning xatti-harakatlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlash to‘g‘risida Farg‘ona viloyat IIB boshlig‘i nomiga taqdimnoma kiritilgan.
Tuman hokimligi tomonidan holat ichki idoraviy tekshiruvda batafsil o‘rganilib, natijasiga ko‘ra, tuman hokimi kotibi Mo‘ydinov Shohjahon egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Tuman IIB tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi yakuniga ko‘ra, IIB xodimi A.Madrahimov o‘z harakatlari bilan xizmat intizomini va qonunchilik talablarini buzmaganligi aniqlagan.
Tekshiruv davomida 10 ga yaqin ishga aloqador shaxslardan holat yuzasidan masofaviy tarzda tushuntirish xatlari olindi. Shular qatori jurnalist Sh. Madrahimovadan ham tushuntirish olinganda, u holat qonuniy ko‘rib chiqilganini bildirdi. Shuningdek, tuman hokimi kotibi Sh.Mo‘ydinov ishdan bo‘shatilganligi va o‘zidan kechirim so‘raganligi sababli hokimlik va IIB xodimlariga nisbatan hech qanday e’tirozi va da’vosi yo‘qligini ma’lum qilgan.
«Bosh prokuratura fuqarolik jamiyatida ommaviy axborot vositalari muhim o‘rin tutishini e’tirof etadi va xolis axborot tarqatayotgan soha xodimlari faoliyatini qadrlaydi. Ularning qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlari himoyasi alohida nazoratda ekanini yana bir bor ta’kidlaydi», – deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari bergan xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter