Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada dahshatli qotillik ishtirokchilariga hukm o‘qildi

Farg‘onada dahshatli qotillik ishtirokchilariga hukm o‘qildi

Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida qotillik jinoyatini sodir etgan 4 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Sudlanuvchilar – Bahrom Mamayusupov, Said Umrzoqov hali o‘ttiz yoshga to‘lmagan. Qobil Abdumutalifov va Olloyor Jo‘rayevlar esa kasb-hunar maktabining birinchi bosqich o‘quvchilari bo‘lib, voyaga ham yetmagan.

B.Mamayusupov va S.Umrzoqov qarzlarini uzish maqsadida reja tuzishadi. Ular 2021-yil 14-iyun kuni Marg‘ilon shahridagi qurilish materiallari bozoridan temir mahsulotlarini 13 million 460 ming so‘mga sotib olib, sotuvchiga 100 AQSh dollarini 1 060 000 so‘m hisobida beradi. Qolgan pulni Quvasoyda yukni olib boradigan haydovchidan berib yuborishga kelishadi. Vaholanki, ularning maqsadi haydovchini o‘ldirib, temirlarni qo‘lga kiritish edi. Yuk tashuvchi A.Usmonov boshqaruvidagi «MOS 2125» (Moskvich kombi) rusumli avtomashinasida mahsulotlarni olib shogirdi, voyaga yetmagan R.Haydarov bilan yo‘lga chiqadi. Bu paytda barcha ishlar oldindan tuzilgan jinoiy reja bo‘yicha borardi.

Haydovchi Chek qishlog‘iga yetib borib, B.Mamayusupovga telefon qilganda yukni bolalar tushirib olishga yordam berishini aytadi. Qobil Abdumutalifov, Olloyor Jo‘rayev mashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirib, qir-adirliklar tomon boshlab boradi. B.Mamayusupov va S.Umrzoqovlar ham ularning ketidan manzilga yetib keladi. Yarim soatlardan so‘ng qotillar ishga kirishadi. Haydovchini shogirdining ko‘z o‘ngida shafqatsizlarcha arqon bilan bo‘g‘ib, qarshilik qilgach, uni urib o‘ldirishadi. R.Haydarovni qo‘l-oyoqlarini bog‘lab yukxonaga, murdani esa o‘rindiqqa joylashadi. Shundan so‘ng mashinadagi temir mahsulotlarini uyga tushirib, jinoyat izlarini yo‘q qilishga harakat qilishadi. 

B.Mamayusupov avtomashinani Toshloq tumanidagi «Abdulhamid ota» fermer xo‘jaligi yer maydoni yoniga boshqarib borib, o‘sha yerda qoldiradi. Shu payt R.Haydarovni nafas olayotganligini ko‘rib, qo‘llari bilan bo‘g‘ib, hushidan ketkazadi. Uni «o‘lgan» deb hisoblab, voqea joyidan ketadi. Qasddan o‘ldirishga qaratilgan jinoiy qilmishlarini o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holda oxiriga yetkaza olishmaydi. Voyaga yetmagan R.Haydarov hushiga kelib, sodir etilgan jinoyat haqida huquqni muhofaza qiluvchi organga xabar bergan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltiariq tuman sudi tomonidan mazkur ish ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi. 

B.Mamayusupovga 22 yil, S.Umrzoqovga 19 yil, Q.Abdumutalifov va O.Jo‘rayevlarga 14 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring