Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ertak emas, haqiqat: 16 yilga «kesilgan» sud raisi bir yilga qolmay oqlandi!

Ertak emas, haqiqat: 16 yilga «kesilgan» sud raisi bir yilga qolmay oqlandi!

Foto:«Xabar.uz»

Bundan ikki yil burun Prezident Shavkat Mirziyoyevning sud organlaridagi ahvol, ayniqsa korrupsiya  atalmish balo haddan ziyod urchib ketganini keskin tanqid qilishi ortidan tizimda «tozalash ishlari» boshlagandi. Ayni jarayonda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi Marat Abdujabbarov vazifasidan ozod etilib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi hatto. Bir necha oyga cho‘zilgan tergov ishlaridan so‘ng  o‘tgan yilning bahorida sobiq sud raisi 16 yilga ozodlikdan mahrum qilgani haqida uzuq-yuluq gaplar urchidi, biroq  bu xabarlar  rasman na inkor, na tasdiq etildi.

Yaqinda yana norasmiy xabarlar tarqaldiki, sobiq rais butunlay oqlanibdi.

Uzoq yilga ozodlikdan mahrum etilgan shaxsning qisqa vaqt ichida oqlangani amaliyotda qariyb uchramaydigan hodisa. Shu bois «Xabar.uz» ayni masalaga oydinlik kiritishni so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga so‘rovnoma yubordi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati M. Abdujabbarov oqlanganini rasman tasdiqladi. Unga ko‘ra: «Jinoyat-protsessual kodeksi va Oliy sud Plenumi qarorining dalillar maqbulligiga oid talablaridan kelib chiqib, M.Abdujabbarovni ayblash uchun asos qilib olingan dalillar ishni kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilishida nomaqbul deb topilgan. Natijada sud jinoyat ishining unga oid qismini Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 1-bandi (jinoiy hodisa yuz bermaganligi), 2-bandi (qilmishda jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi) va 3-bandi (sodir etilgan jinoyatga daxli bo‘lmaganligi)ga asosan tugatgan».

Javobdan ko‘rinadiki, oqlovga nisbatan Bosh prokuraturaning e’tirozi yo‘q.

Darvoqe, sobiq sud raisi qanday jinoyatlarda ayblangani ochiqlanmagan.

Qachonlardir nohaq javobgarlikka tortilib, oqlanish ilijida yurganlarga ham Marat Abdujabbarovning yo‘lini bersin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring