DXX vazirlik xodimini qo‘lga oldi
Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida fuqarolarni Qo‘shma Shtatlarga yuborish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xodimi xizmat mavqeidan foydalangan holda, Samarqand shahrida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, unga go‘yoki AQSh elchixonasidagi tanishlari orqali viza rasmiylashtirib, Qo‘shma Shtatlarga yuborish evaziga 14 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u oldindan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
***
1999 yilda Oqdaryo tumanida tug‘ilgan, hozirda Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs Samarqand iqtisodiyot va servis institutida o‘qiydigan qarindoshi bilan o‘zaro til biriktirib, mahalliy fuqaroni Meksika orqali Qo‘shma Shtatlarga ishga yuborish evaziga undan 16 ming AQSh dollari talab qilishgan.
Ammo, Iqtisodiyot va servis instituti talabasi so‘ralgan pul mablag‘idan 10 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Ta’kidlash lozimki, hozirda Qo‘shma Shtatlarda yashayotgan oqdaryolik shaxs muqaddam 4 nafar fuqaroni Amerikaga ishga yuborishni va’da qilib, ulardan 41.600 AQSh dollari olgan va o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
***
DXX Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Jizzax shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon viloyatida yashovchi, 1999 y.t. shaxs Forish tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni aldab, tanishlari yordamida uni «Turkiya-Yevropa-Nikaragua-Meksika» orqali Qo‘shma Shtatlarga yuborish evaziga talab qilingan 17 ming AQSh dollaridan 10 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
***
1991 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, hozirda AQShning Ohayo shtatida yashovchi fuqaro va Yangiyer shahrida istiqomat qiluvchi, 1991 y.t. shaxs o‘zaro til biriktirib, Xovos tumanida yashovchi fuqaroni Meksika orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborish, shuningdek, buning uchun zarur bo‘ladigan viza va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga undan 8200 AQSh dollari talab qilishgan.
Lekin, Yangiyer shahrida yashovchi shaxs 8100 AQSh dollari va 1 mln. 240 ming so‘m olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter