DXX elektr korxonasi bo‘lim boshlig‘i va Milliy Gvardiya xodimini qo‘lga oldi

Farg‘ona viloyatining Rishton tumani elektr tarmoqlari korxonasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlovchi shaxs yakka tartibdagi tadbirkorning kulolchilikka ixtisoslashgan ustaxonasi elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanganligi bois, unga nisbatan rasmiylashtirilgan dalolatnoma bo‘yicha 2 mlrd. so‘m miqdorida jarima solinishi mumkinligini aytib, ushbu jarimani kamaytirib berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘idan 6600 AQSh dollarini pora sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Milliy Gvardiyaning Samarqand viloyati Ishtixon tumanlararo Qo‘riqlash bo‘limi xodimi mahalliy fuqaroga nisbatan ichki ishlar organlari tomonidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qism «v» bandi va 211-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tanishlari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga 1,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter