DXA Toshkent viloyat boshqarmasi qancha mansabdorning «tanobini tortdi»?
Davlat xizmatlari agentligining (DXA) asosiy vazifasi, jaydari tilda aytsak, odamlarning «qo‘l-oyog‘i» bo‘lishdir. Ya’nikim, davlat tashkilotlariga kimning ishi tushsa, idorama-idora chopib yurmaydi, DXAga murojaat qilsa - kifoya. Endilikda agentlik bir necha o‘nlab davlat xizmatlarini ko‘rsatmoqda. DXA Toshkent viloyati boshqarmasi matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, o‘tayotgan yilda jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatilgan davlat xizmatlari soni 904 mingdan oshgan. Yil oxirigacha raqam yanada o‘sishi ehtimoli katta. Bu har uch odamdan bittasi muayyan masalada agentlikka murojaat qilayotganini anglatadi.
Amalga oshirilayotgan ishlarga qaramay davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida qonun buzilish holatlari uchrab turgani bor gap. Agentlikda esa huquqiy ta’sir choralari ko‘rsatish vakolati bor. Busiz iloji yo‘q, zero, ishga to‘g‘anoq mansabdorlarning o‘z vaqtida tanobi tortib qo‘yilmasa, faoliyatda samara bo‘lishi qiyin.
DXA Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan joriy yilda aniqlangan qonun buzilishlari bo‘yicha vakolatli idoralarga 64 ta taqdimnoma, 153 ta ogohnoma kiritildi. Shuningdek, 250 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirildi. Qo‘llanilgan ta’sir choralar natijasida 65 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi, 17 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter