Buxoroda xotinini qasddan o‘ldirgan fuqaro 13 yilga qamaldi
Avval bosqinchilik va giyohvand moddalar yetishtirish bilan ayblangan fuqaro bu gal mast holatda xotinini qasddan pichoqlab o‘ldirdi. U sud hukmi bilan 13 yilga qamaldi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tumani sudi tomonidan ma’lumot berildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, G‘ijduvon tumani, «Zarangari» MFY, Kalon qishlog‘ida yashovchi 46 yoshli Zarif Ro‘ziyev (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) voqeadan bir kun ilgari ukasining tug‘ilgan kuniga bora olmagani uchun tong sahardanoq uning xonadonida bo‘lgan va spirtli ichimlik iste’mol qilgan.
Ukasining uyidan o‘z uyiga mast holatda qaytgan va turmush o‘rtog‘i Vazira Ro‘ziyeva (ismi familiyasi o‘zgartirilgan) bilan o‘zaro kelishmovchilik sababli janjallashib qolgan. Bu paytda ularning janjaliga qarshilik ko‘rsatayotgan o‘g‘liga po‘pisa qilib, uni tomorqadagi ekin yerini ag‘darishga chiqarib yuborgan, Qizidan esa ko‘chadagi do‘kondan sigaret keltirib berishini talab qilgan. Farzandlari chiqib ketishgach, u yana 0,5 litrli aroqni ichgan. Xotinini urib, tepib, so‘kib, uydan chiqib ketishini talab qilgan. Uni yoqtirmasligini, birga yashash istagi yo‘qligini, agar chiqib ketmasa, o‘ldirishini aytgan.
Erining vajohatidan jahllangan ayol erini sansirab, hech qayerga ketmasligini, unga xonadondan o‘zi chiqib ketishini aytgan.
Ko‘ziga qon to‘lgan Zarif «Ikki marta qamalib chiqqanman. Seni ham o‘ldiraman va sendan qutulaman. Uzog‘i bilan 4-5 yil qamoqda o‘tirib, yana qaytib chiqaman», — degan va xotinining chap tomon ko‘kragi yuqori qismidan bir marotaba tepadan-pastga yo‘nalishda zarb bilan urgan. Ayol yerga yiqilib, voqea joyida vafot etgan.
Aybdorning sudda aytgan so‘ziga ko‘ra, u avvaliga xotini o‘lganini bilmagan. Hammayoq qonga to‘lgach, farzandlarini baqirib chaqirgan. Bolalari yetib kelgach, ulardan zudlik bilan tez yordam va ichki ishlar xodimlariga qo‘ng‘iroq qilishlarini so‘ragan.
Aniqlanishicha, 25 yildan buyon birga umrguzaronlik qilgan er-xotinlar doimiy ravishda janjallashib kelishgan. Hech qayerda ishlamaydigan Zarif Ro‘ziyev faqatgina o‘zining spirtli ichimlik iste’mol qilishi uchungina mardikorlik orqali pul topib kelgan. Uy-ro‘zg‘ori va bolalari haqida mutlaqo qayg‘urmagan.
U 2002-yilda Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) 2-qismining “a” va “b” bandlari bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilingan, 2016-yilda esa Jinoyat kodeksining 270-moddaci (taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) 1-qismi bilan 1 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan.
«Oxirgi yillarda kuyovimiz hatto mardikorlik ham qilmay qo‘ydi. Boyaqish qizimning o‘zi farzandlarini boqib, uy-ro‘zg‘or tebratdi, pul topish uchun erining qistovi bilan ikki yil Rossiyada ishlab keldi. Sog‘lig‘idan ajralib qaytgach, qishlog‘idagi to‘yxonada xizmatchi bo‘lib ishladi. Idish-tovoq yuvib, pol artib, tirikchilik qilib keldi. O‘rtalarida juda ko‘p janjal bo‘lardi. Bir necha marotaba urib, tan jarohatlari ham yetkazdi. Qizim shikoyat qilganda, azbaroyi, o‘zbekchilik, «odamlar nima deydi», degan o‘yda sabrga chaqirib keldik. Erining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, biror marotaba biror joyga murojaat qilmagan», — dedi marhumaning onasi sudda.
Sud majlisida marhumaning onasi kuyovi qizini qasddan o‘ldirganini, unga qonuniy jazo berilishi lozimligini bildirib, ko‘rsatma bergan. Aybdor qilmishiga iqror bo‘lib, har qanday jazoga loyiqligini bildirgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tuman sudi hukmiga ko‘ra, ayblanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 97-moddasining (Qasddan odam o‘ldirish. Ayblanuvchi o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topilgan va unga shu modda bilan 13 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter