Buxoroda hujjat o‘g‘risi qo‘lga olindi
Buxoroda avtomashina oynasini g‘isht bilan sindirib, hujjatlarni o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB axborot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, shahar ko‘chalaridan biridagi yashash xonadoni oldida qoldirilgan «Kobalt» rusumli avtomashinaning old yo‘lovchi tomon oynasi g‘isht bo‘lagi bilan sindirilgan. Noma’lum shaxs avtomashina salonidan haydovchiga tegishli fuqarolik pasporti va haydovchilik guvohnomasi, avtomashinani qayd qilish guvohnomasini o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan.
Oradan bir necha soat vaqt o‘tgach, avtomashina egasi holatdan xabar topgan va ichki ishlar organiga murojaat qilgan. Mazkur holat yuzasidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25-modda (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish),169-moddasi (O‘g‘rilik) 1-qismi va 227-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni buxorolik fuqaro R.B. ismli shaxs sodir qilgani aniqlangan.
Fuqarodan nega o‘ziga avvaldan tanish bo‘lmagan shaxsga tegishli hujjatlarni uning avtomashinasiga shikast yetkazish orqali qo‘lga kiritgani bilan qiziqilganda, u go‘yoki yo‘qotilgan hujjatlarni topgan shaxs sifatida egasi qayta topshirib, pul ishlashni o‘ylab, jinoyatga qo‘l urganini tan olgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter