«Bosh prokuratura «ishimiz»ni alohida nazoratga oldi...»
Davlatimiz rahbarining yaqinda Buxoroga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlari asosida Prezidentning viloyatdagi Xalq qabulxonasi va Bosh prokuratura hamkorligida ko‘hna maskanda o‘tkazilgan ommaviy sayyor qabulning birinchi kuni haqida xabar bergandik.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabaridan sayyor qabulning ikkinchi kunida birinchi kunga nisbatan ikki barobar ko‘p fuqaro qabul qilingani anglashiladi. Ya’ni, Bosh prokuratura rahbariyati tomonidan birinchi kuni 312 nafar fuqarodan jami 245 ta ariza qabul qilingan bo‘lsa, ikkinchi kuni 697 nafar fuqaroning jami 450 ta shikoyati ro‘yxatga olindi. Murojaatlarning 41 tasi joyida hal etildi, xususan 12 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 7 nafar fuqaroga davolanish uchun yo‘llanma berildi, 1 nafar fuqaroning uy-joy masalasiga oid arizasi qanoatlantirildi, 8 nafar tadbirkorga 670 mln so‘mlik kredit ajratildi, 5 nafar fuqaroga moddiy yordam va nafaqa tayinlandi.
Murojaatlarning 122 tasi sud qarorlari yuzasidan bo‘lgani bois (ma’muriy – 7 ta, iqtisodiy – 11, fuqarolik – 24, jinoyat ishlari – 80) barcha «delo»lar chaqirtirilib, o‘rganiladigan bo‘ldi. Shuningdek, surishtiruv va tergovga oid 63 ta «ish» yuzasidan qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish topshirig‘i berildi.
...«Xabar.uz» manbasi sayyor qabulga kelgan mahalliy tadbirkor Muhabbat Xayitova bilan qisqa suhbatlashdi. Sud qarori sabab faoliyati berk ko‘chaga kirib qolgan tadbirkor umrida birinchi marta «tirik» Bosh prokurorni ko‘rib, qabuldan so‘nayotgan umidi quvvatlanib chiqayotgani boismi, yaxshigina hayajonda, deya alohida ta’kidlaydi manbamiz. Uning so‘zlariga quloq soling-a: «Vaqtli kelgandim, shundayam navbatga 68-chi bo‘lib yozildim, to navbatim kelguncha soat 15 dan oshdi... Muammoim? «Ozpromtek-Buxoro» sho‘’ba korxonasi rahbariman. Korxonamiz muassisini bir odam firibgarlikda ayblab, yozaverib tang qildi, uning shikoyatlari bir emas, uch bor tergov yo‘li bilan tekshirildi, biroq tasdig‘ini topmadi. Shundan keyin fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga murojaat qildi u. Ishonasizmi, uch bor tergov yo‘li bilan tekshirilib, tasdiqlanmagan vajlarni fuqarolik sudi qanoatlantirsami?! Eng yomoni, sud muassisimiz mol-mulkiga qo‘shib, bizning korxona hisob-raqamigayam band solib qo‘ygan. Holbuki, ustavimizda korxona ta’sischining majburiyatlari bo‘yicha javobgar emasligi belgilab qo‘yilgan... Bir yilki, solingan band sabab faoliyatimiz orqaga ketdi: 15 nafar ishchimizning yarmidan ko‘prog‘ini bo‘shatishga majbur bo‘ldim... Bosh prokuror ishimizni alohida nazoratga olishini aytdi, zora, tushov yechilib, bemalol ishlasak...»
Manbamizga ko‘ra, sayyor qabulning ikkinchi kunida Buxorodan tashqari boshqa viloyatlardan kelgan murojaatchilar ham tinglandi. Biroq mutasaddilar bilan muxtasar muloqot qilishga imkoniyat topilmadi. Chunki, murojaatchilar soni ko‘pligi bois qabul ish vaqti tugadi, degan sabab bilan to‘xtatib qo‘yilmadi, aksincha, allamahalgacha davom etdi. Bu axborotni Bosh prokuratura matbuot xizmatining quyidagi ma’lumotlari mantiqan tasdiqlaydi: «Ikki kunlik sayyor qabul davomida jami 1009 nafar fuqaro qabul qilindi, ulardan 695 nafari ariza bilan murojaat qildi. Kelib tushgan murojaatlarning 78 tasi joyida hal etildi, qolgan 617 ta murojaatlar alohida nazoratga olindi...»
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter