«Asakabank» & «Xabar.uz»: axborotga oydinlik kiritildi, ortiqcha tafsilot shart emas
Saytimizda ATB «Asakabank» Andijon filiali sobiq xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganiga oid xabar chiqqanidan ko‘pchilik voqif. Bir mavzuda ikki bor chiqish qilingani sababiyam ma’lum. Ketma-ket chiqishlardan sayt va bank o‘rtasida qandaydir tushunmovchilik yuz bergandek tuyulishi mumkin. Biroq ortiqcha vahimaga o‘rin yo‘q: bank o‘z imijini himoya qilayotgan bo‘lsa, sayt ham shu maqomda turibdi.
Bir qarashda munozaralarga o‘rin yo‘qdek. Bank Andijon filiali sobiq mutasaddilariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqiqatmi? Ha! Jinoyat ishi prokuratura tomonidan qo‘zg‘atilgani-chi? Rost! Bunga e’lon qilingan xabar Bosh prokuratura ma’lumotlariga asosan tayyorlangani qo‘shimcha qilinsa, ortiqcha gap-so‘zlarga hojat qolmaydi.
Xo‘sh, unda muammo nimada?
Bugun ham biz bilan ayni masalada bog‘langan Xurshidabonu Nazarova («Asakabank» matbuot xizmati rahbari) sobiq xodimlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini inkor etmadi. Biroq jinoyat ishi aynan bank Andijon filiali mas’ullarining murojaatidan so‘ng qo‘zg‘atilganini qayta-qayta ta’kidlab, ikkinchi xabardagi «jinoyat ishi kimning murojaatiga asosan qo‘zg‘atilgani ko‘pam ahamiyatsiz, muhimi – «delo» kimlarga nisbatan qo‘zg‘atilganida!» degan jumlalar bahsli ekaniga urg‘u berdi: «Qiziq, nega endi ahamiyatsiz bo‘larkan? Bankning o‘zi murojaat qilmaganda, jinoyat ishi ham ochilmas edi. Jabr ko‘rgan – bank, da’vo qo‘zg‘atgan – bank, axir?!». O‘z navbatida «bankning jabr ko‘rishiga o‘z xodimlari sababchi bo‘lmadimi?» degan savolga «rahbariyat tizimni nopok xodimlardan tozalash uchun ham shunday chora qo‘llashga majbur bo‘lmoqda», degan javob oldik.
Yana bir gap. Tadbirkor tomonidan o‘zlashtirilgani, bunga sobiq bank xodimlari tomonidan jinoyatkorona munosabatda bo‘lingani aytilayotgan kredit mablag‘lari «Asakabank»ning «Farhod» filialidan berilgan. Mazkur filial Andijon viloyatida joylashgan. Ya’nikim, bankning Andijonda ikkita filiali bo‘lib, ularning biri – «Farhod» filiali 2019 yilning sentyabr oyida yopilgan. E’lon qilingan xabarda «Andijon filiali», deya yozilishi esa mazkur filial «Farhod»dagi mashmashlarga aloqadordek tasavvur uyg‘otadi ko‘pchilikda. Aslida bunday emas.
Insof yuzasidan aytiladigan bo‘lsa, e’tirozning ayni ikkita nuqtasida jon bor. Demak, e’lon qilingan xabarlar haqiqatdan yiroq bo‘lmasa-da, turlicha talqinlarga sabab bo‘lishi, bu talqinlar esa «Asakabank» mavqeiga soya solishi ehtimolini yuzaga keltirishi mumkin ekan.
Xo‘p, nima qilmoq kerak?
– E’lon qilingan xabarlarga aniqlik kiritish lozim, shuning uchun kuyib-pishyapman-da, – dedi bank matbuot xizmati rahbari.
Mana, aniqlik kiritdik.
Boshqa tafsilotlar shart emas hozircha. Chunki, ayni paytda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Ortiqcha tafsilotlar tergovga ta’sir o‘tkazibgina qolmay, «Aybsizlik prezumpsiyasi» tamoyiliga ham zid kelishi mumkin.
...Virus degan balodan omonda bo‘laylik!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter