Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Advokatga nisbatan sanksiya berish prokuror vakolatidan sudlarga o‘tkazilishi mumkin

Advokatga nisbatan sanksiya berish prokuror vakolatidan sudlarga o‘tkazilishi mumkin

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Advokatlar palatasining qo‘shma axboroti e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborotiga asoslanib qator elektron ommaviy axborot vositalarida «Prokurorning roziligi bilan advokatning telefonlari va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali amalga oshiriladigan so‘zlashuvlari, uzatiladigan xabarlari va ma’lumotlari nazorat qilinadi» degan mazmundagi tarqatilgan xabarlar ko‘pchilik advokatlarning ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozli chiqishlariga sabab bo‘ldi.

Advokatlar palatasi o‘z navbatida, advokatlarning qonun bilan belgilanadigan mavqei xalqaro standartlarga mos kelishi kerakligini ta’kidladi.

Masala yuzasidan Bosh prokuratura va Adliya vazirligi o‘zlarining izohlarini e’lon qildi. Ularda «Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasiga Jinoyat-protsessual kodeksi va «Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirishlar hamda zamonaviy axborot texnologiyalarini inobatga olib «... telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali amalga oshiriladigan so‘zlashuvlarni, xabarlar va ma’lumotlar uzatilishini nazorat qilish» tushunchalarini aniqlashtirish maqsadida kiritilayotganligi va bu o‘zgarishlar advokatlarning daxlsizligiga ta’sir qilmasligi bayon qilindi.

Bosh prokuratura va Adliya vazirligi ta’kidlashicha, qonun fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini muhofaza qilishga qaratilgan bo‘lib, zamonaviy telekommunikatsiya qurilmalari orqali xabarlar va ma’lumotlar uzatilishini nazorat qilishning qonuniy mexanizmlarini mustahkamlaydi.

Amaldagi qonunchilikda advokatning daxlsizligi sifatida unga nisbatan tezkor qidiruv va tergov harakatlarini amalga oshirish uchun Bosh prokuror, Qoraqalpog‘iston Respulikasi prokurori, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning sanksiyasi olinishi belgilangan.

Advokatlar xalqaro standartlardan kelib chiqib, sanksiya berish masalasini sudlarga o‘tkazish zarurligini bildirishmoqda.

Oxirgi ikki yilda advokatura instituti mustaqiligini ta’minlash va uning inson huquqlarini himoya qilishdagi rolini oshirish bo‘yicha bir qator islohotlar amalga oshirildi. Xususan, advokatlik faoliyatini litsenziyalash jarayoni yengillashdi, litsenziyani to‘xtatish va bekor qilish faqat sud tomonidan amalga oshirilishi belgilandi, ularga soliq yuki ikki barobar kamaytirildi, himoya ostidagi shaxslar bilan uchrashuv va sud-tergov idoralariga kirib chiqish yengillashtirildi.

Shu bilan birga, mamlakatning bugungi rivojlanish ko‘lami advokaturaga oid qonunchilikni rivojlantirish bo‘yicha islohotlarni davom ettirishni talab qiladi. Bu borada o‘tgan yili mamlakatimizga tashrif buyurgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayan ham O‘zbekistonda advokatura institutining mavqeini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish yuzasidan tavsiyalar bergan.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 dekabrdagi PQ–4551-sonli «Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan Advokatlar palatasi tomonidan Advokatura institutini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi tayyorlanmoqda.

Ushbu loyihada sohani tubdan isloh qilish bilan bog‘liq barcha jihatlar, shu jumladan advokatning daxlsizligini ta’minlashda ularga nisbatan tezkor qidiruv va sud-tergov harakatlarini amalga oshirish jarayonida sanksiya berishni prokurorlar vakolatidan sudlarga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Yaqin kunlarda advokatlarning muhokamasi va taklif berishlari uchun Konsepsiyaning loyihasi Palataning rasmiy saytida e’lon qilinadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Advokatlar palatasi advokatlar hamjamiyatini hamda barcha sohaga aloqador idoralar va mutaxassislarni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq sohasidagi tub islohotlarning eng muhim sharti sifatida advokatura institutining mustaqilligi va uning inson huquqlari himoya qilinishini ta’minlashdagi rolini oshirish maqsadida amaldagi qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik qilishga chaqiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring