Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangiyo‘llik 14 yoshli bola qo‘lbola pirotexnika portlashidan halok bo‘ldi

Yangiyo‘llik 14 yoshli bola qo‘lbola pirotexnika portlashidan halok bo‘ldi

Foto: «solentjournalism.co.uk»

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida 1-yanvar kuni Fayziobod mahallasida yashovchi A.Yu.ning uyi hovlisida jiyanlari 14 yoshli S.M. va 19 yoshli Sh.B.lar qo‘lbola usulda pirotexnik vositasini tayyorlayotganlarida chaqnash sodir bo‘lgani va ular jarohat olib kasalxonaga yotqizilgani haqida IIV xabar tarqatgandi.

«Xabar.uz» muxbirining aniqlashicha, 14 yoshli S.M. kasalxonada vafot etgan. Portlash shu darajada kuchli bo‘lganki, bolaning qo‘l-oyoqlari sochilib ketgan.

U oilasida birgina o‘g‘il farzand edi. Onasi bolani tog‘asiga qoldirib, Turkiyaga ishlashga ketgan bo‘lgan.

Hodisa oqibatida 19 yoshli Sh.B. ham jiddiy jarohat olgan. U Yangiyul shahridagi kasalxonaning shoshilinch reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Shifokorlar uning o‘ng oyog‘i to‘pig‘idan kesilishi mumkin deyishmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, Toshkentdan ham mutaxassislar jalb qilingan. Kollejni tamomlagan Sh.B. yaqinda harbiy xizmatga chaqiruv olgan edi...

Bu mudhish hodisa qanday sodir bo‘ldi?

Bolalar o‘t o‘chirish moslamasi (ognetushitel) ichiga turli moddalarni solib, qo‘lbola usulda pirotexnik vositasi tayyorlamoqchi bo‘lishgan. 22 yashar tog‘a ham bu «xavfli mashg‘ulot»ga monelik qilmagan. Taxmin qilinishicha, ularga «gugurt yoqishga joy qoldirmabsizlar» deb aynan u «qonli ko‘rsatma» bergan. O‘smir «ognetushitel» ichini o‘zi to‘ldirgan portlovchi moddalardan bo‘shatmasdan, drel bilan teshishga uringan. Ular bu «bomba»ni mahalladan oqib o‘tadigan Junariq kanalida portlatishmoqchi edi.

8-sinf o‘quvchisi o‘t o‘chirish moslamasini teshayotganida uchqun chiqib, portlab ketadi. Bu vaqtda 19 yoshli Sh.B. uzoqroqda, eshik oldida bo‘lgan va shu tufayli omon qolgan.

Pirotexnikaga qarshi kurash nega samarasiz?

Mamlakatimizda pirotexnikaning har qanday turi maishiy ishlatish uchun taqiqlangan. Ayniqsa, bu matoh bolalar qo‘liga tushib qolsa, favqulodda hodisalarga olib kelishi, yong‘in keltirib chiqarishi, odamlarga og‘ir jarohat yetkazishi mumkinligi bot-bot takrorlanmoqda.

Bundan tashqari, pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1851-moddasiga muvofiq, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish (O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish) yoki o‘tkazish huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, eng kam ish haqining besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Jinoyat kodeksining 2501-moddasida esa bunday qilmishlar sodir etganlar uchun uning kim tomonidan sodir etilgani va qanday oqibatlarga olib kelganligiga qarab turli jazo choralari, jumladan, sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi ko‘zda tutilgan.

Shunga qaramay, Yangi yil arafasida aksariyat shaharlarimizda pirotexnika vositalarining gumburlash ovozi tinmadi. Aksincha, avvalgi yillardan ko‘ra kuchliroq bang‘illashlar atrofni tutib ketdi. «Kichik portlashlar» kuchidan uylarning derazalari zirilladi, avtomashinalarning signalizatsiyasi «chiyillash»dan to‘xtamadi. Shuncha kontrafakt mahsulotlar aholining, ayniqsa, bolalarning qo‘liga qanday tushib qoldi? Bu ancha og‘riqli savol. Jig‘ildon g‘amida shu ish bilan shug‘ullanib yurgan kimsalarning majruh bo‘lib qolayotgan bolalar ahvolini ko‘rib, eshitib, vijdoni azoblanmasmikan?!

Ko‘chada guruh-guruh bo‘lib, pirotexnika vositalaridan foydalanayotgan bolalarni ko‘rib, ularnikidan ham kuchliroq «bang‘illoq» yasamoqchi bo‘lgan S.M. va Sh.B. kabi yoshlarning uchrashi esa, yanada achinarli. Birgina «bang‘illash» qanday zavq berishi mumkin o‘zi? Yoshgina umrga arziydimi shu badbin lahza?!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring