Urganchda kuchsiz shamol ham tomni varrakdek uchirdi (foto)
Bahor fasli bevafo ma’shuqaga o‘xshaydi, bir damda turli iqlimga o‘zgaradi. O‘tgan haftada havolar ancha isib, yerga qadagan urug‘imiz quloq ko‘rsata boshlagan edi. Kuni kecha tabiatning avzoi buzilib, endigina uyg‘ona boshlagan nabototni sovuq «yalab» o‘tgani chatoq bo‘ldi.
Esgan shamol esa ko‘cha-ko‘yning changini shopirganini hisobga olmaganda karantin davrida uyda o‘tirgan odamlarga unchalik ta’sir ham qilgani yo‘q. Xorazmning varrak uchirishga qoyimgina shamoli Bekobod yoxud Qo‘qon shamolining yonida nima bo‘libdi?! Mabodo... G‘ir aylanib bu shamollar vohadan esib qolsa bormi, qaddi baland uylar tomsiz qolib ketishi turgan gap.
Kecha ertalabdan shamol turdi, dov-daraxtlar qaddini o‘ynatib esdi. Xoriqulodda Urganch shahrining Al-Xorazmiy shoh ko‘chasidagi 27/4-uyning tomini uchirib, yerga urdi. «Ishonch med» diagnostika markazi joylashgan ushbu ko‘p qavatli bino hali qad rostlaganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Uning tunuka tomining o‘rtacha kuchga ega shamolda ham varrakdek uchib, yerga qulashining boshqa sababi bor aslida.
Imoratsozlarning aytishicha, tomni yopgan ustalar ishni qo‘l uchida bajarishgan va shiferlar tutqichlarini devorlarga maxsus qoziq qoqib mustahkamlamaganlar. Bu esa tomning uchib, piyodalar yo‘lagiga qulashiga sabab bo‘lgan.
Yaxshiyamki, bu voqea sodir bo‘lgan vaqtda bino oldida va piyodalar yo‘lagida odamlar bo‘lgan emas. Davom etayotgan karantin urganchliklarni nafaqat xavfli pandemiyadan, balki sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa baxtsiz hodisalardan ham asrab qolayotgandek go‘yo.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter