Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda bir oy ichida bir uyni ikki marta tunamoqchi bo‘lgan o‘g‘ri qo‘lga olindi

Toshkentda bir oy ichida bir uyni ikki marta tunamoqchi bo‘lgan o‘g‘ri qo‘lga olindi

Illyustrativ surat.

Toshkent tumani Mustaqillik mahallasida yashovchi Ahrorxo‘ja Tursunxo‘jayev 2017-yil 19-oktyabrda tumandagi G‘ishtko‘prik mahallasida istiqomat qiluvchi Ruslan Mirzaboyevning hovlisidan 600 ming so‘mlik tamaki mahsulotlarini, 25-oktyabr kuni shu mahalladagi Olim Toshmatovning mashinasidan 150 dollar va 200 ming so‘m, 8 noyabr kuni yana 500 ming so‘m pulni o‘maradi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, A.Tursunxo‘jayev hech qayerda ishlamagan, biror mutaxassislik bo‘yicha o‘qimagan. Belni og‘ritmay o‘g‘irlikdan pul topishga berilib ketib, bir marta «urgan» uyini ikkinchi bor tunashdan ham tap tortmadi.

2017-yil 18-noyabr kuni kech soat taxminan 01:00 atrofida u R.Mirzaboyevning uyiga takroran o‘g‘irlikka kiradi. Lekin hovlida turgan avtomashina oynasini sindirayotgan paytda uy egalari tomonidan ushlanib, ichki ishlar idoralariga topshiriladi.

Mazkur jinoyat ishi Zangiota tumanidagi akademik litseyda o‘tkazilgan sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tumani sudi raisi O‘ktam Xoliqovning ma’lum qilishicha, jinoyatchiga qonunda belgilangan tartibda jazo tayinlangan, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar ham to‘liq undirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring