Termizda sodir bo‘lgan portlashda ikki kishi halok bo‘ldi
Bugun, 2023 yil 16 yanvar kuni soat 11:30 da Termiz shahri Shimoliy darvoza ko‘chasi 15-uyda joylashgan Termiz davlat universiteti akademik litseyi binosini isitishga mo‘ljallangan qozonxonada tashqi tomon quvurlarining muzlab qolishi oqibatida ortiqcha bug‘ to‘planib, ichki bosim yuqori darajada ortib ketishi natijasida portlash hodisasi sodir bo‘lgan.
Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, portlash natijasida shu yaqin atrofda faoliyat olib borayotgan xodimlar — P.A. va B.A.lar zarb tufayli tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan, yana bir xodim N.X. tan jarohati olganligi sababli Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazi Surxondaryo filialiga yotqizilgan.
Voqea joyiga viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, viloyat prokurori, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshliqlari hamda boshqa mas’ullar, shuningdek, tezkor-tergov guruhi a’zolari yetib kelishgan.
Mazkur holat yuzasidan Termiz shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Olib borilayotgan tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter