Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tariximizni qachongacha o‘zgalar yozadi?

Tariximizni qachongacha o‘zgalar yozadi?

Andijon zilzilasi

Hozirgi kunda aksariyat mahalliy mutaxassislarimiz zilzilani oldindan aytib berishning iloji yo‘q, bunday ilmiy nazariya hali ishlab chiqilmagan, degan to‘xtamda qat’iy turibdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ham «...zilzilalar bo‘yicha murojaat»ida «Bugungi kunda zilzilaning vaqti va joyini aniq belgilab beruvchi texnologiya yo‘q...», deb ta’kidladi.

Bu bayonot qanchalik asosli?

Gazeta va jurnallarimiz, davlat televideniyesi ham shunday xabarlar miyonasidagi chiqishlar bilan kifoyalanayotgani sir emas. Bu jarayonni sukut bilan kuzatishayotganiga qaraganda, ilmiy muassasalarimiz, vazirlik va idoralarimiz ham ana shunday qarashga rozi. 

U holda Turkiya va Suriyadagi dahshatli zilzilalarni minglab chaqirim olisda turib, bashorat qilgan ovrupolik olim nimalarga, qaysi texnologiyaga asoslandi ekan?!

Avvalo, bizda zilzilani o‘rganadigan ilmiy markazlar bormi?

Respublika Fanlar akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tarkibida ana shunday jamoalar bor. Biroq ularning bot-bot sodir bo‘layotgan zilzila va tabiiy ofatlar haqidagi fundamental izlanishu ilmiy ishlanmalari haqidagi hisobotlari qani? Odatda mavzuga oid xabarlarda ko‘pincha ana shu muassasalar xulosasiga tayanilganiga ishora qilinsa-da, aniq shaxslar, idoralar ko‘rsatilmasligi bizni savolni shunday ko‘ndalang qo‘yishga majbur etayotir.

Nega ilmiy muassasalarning mehnatlari natijasi, ilmiy ishlanmalari ommaviy nashrlarda, aholiga tushunarli tilda, keng va batafsilroq oshkor qilib borilmaydi? Kundalik axborotlar kuzatilsa, qayerda, qancha kuchlanishli silkinish sodir bo‘lgani, talafotlar bor-yo‘qligi (ayrim hollarda shu ham yo‘q) haqidagi shablon matnlardan nariga o‘tilmaydi.

Mamlakatimiz hududi seysmik o‘ta faol mintaqalar polotnosida yotadi. To‘g‘ri, bu gapni ko‘p bor takrorlaymiz. Biroq voqeani yoritishga kelganda shap-shap qilsang, shaftolining ta’mini tuyasan, qabilida yondoshiladi.

Faktlarning guvohlik berishicha, bundan 121 yil ilgari sodir bo‘lgan Andijon zilzilasi (jahon afkor ommasi «Andijon falokati»ham deb ataydi) haqida voqeaning ertasiyoq Sankt Peterburg OAV chop etilgan xabarlar bugungi matbuotimiz bizga peshkash qilayotgan xabarlardan jonliroq, batafsilroq bitilganligini ko‘ramiz. Milliy matbuot va ijtimoiy tarmoqlardan ushbu zilzila haqida o‘zbek tilida ma’lumot izlagan odam qisqagina mana bu axborotdan boshqasini topishi amrimahol. Ya’ni, so‘zma-so‘z:

ANDIJON ZILZILASI — O‘rta Osiyoda sodir bo‘lgan kuchli zilzilalardan biri. 1902 yil 16 dekabr, soat 10 da ro‘y bergan. Bu zilziladan Andijon shahri va uning atrofidagi qishloqlar katta talafot ko‘rgan. Yer ketma-ket uch marta silkinib, birinchisi 8 — 9 ball, 1 — 1,5 minutdan so‘ng ikkinchisi 9 balldan ortiq va yana 30 minut o‘tgach, uchinchisi 8 — 9 ball bo‘ldi. 50 ming kishi yashaydigan Andijon sh. bilan atrof qishloqlarda ko‘p joylar vayronaga aylandi. Zilzilada 4652 kishi nobud bo‘ldi. Zilzila natijasida Andijondan 5 – 6 chaqirim narigacha bo‘lgan temir yo‘l izlari egilib qoldi. Andijon stansiyasidagi parovoz va poyezd vagonlari izlaridan chetga surib tashlandi. 16 dekabrdan so‘ng ham bir necha oy davomida Andijonda yer qimirlab turdi. Zilzila oqibatida Andijon va uning atrofida eni 10 smgacha bir necha yoriqlar paydo bo‘ldi. Ayrim yerlarda yer sathi 70 sm gacha cho‘qdi. Andijon zilzilasi Janubiy Farg‘ona fleksurasi — uzilish chizig‘i bo‘ylab sodir bo‘lgan. Zilzila markazi Qorayorda (40,7° sh. k. 72,2° shq. u. da) joylashgan.

Aslida, ushbu fakt va raqamlar ham o‘sha Andijon zilzilasi sodir bo‘lgan kunlarda rus tadqiqotchilari ma’lumoti asosida tayyorlangan axborotlarning o‘zbekchaga o‘g‘irilgan qismi, xolos.

Rus matbuotining sarg‘aygan sahifalari voqeaning ertasi kuniyoq Chor hukumati maxsus ishchi guruh tuzgani, fojia asoratlarini bartaraf etish uchun maxsus yordam fondi tashkil etilib, aholiga murojaat bilan chiqilgani, bu chaqiriqqa podsho janoblarining o‘zi shaxsan labbay deb bergani va ko‘mak ajratgani alohida urg‘ulanadi.

Kolumnist G‘ayrat Yo‘ldoshning «Toshkent zilzilasi – O‘zbekiston tarixidagi eng yirik zilzila emas...» (16.12.2019) sarlahali chiqishida aytilishicha, «Andijon zilzilasi haqida mashhur rus antropologi, akademik D N Anuchinning (1843–1923) taklifi bilan S.A. Melik-Sarkisyan «1902 yil 3 dekabrdagi Farg‘ona zilzilasi» (Ferganskoye zemletryaseniye 3-go dekabrya 1902-goda, Moskva, 1903) nomli risola yozgan va nashrdan chiqargan.

«Niva» jurnali fojia uryoni bosilmay turiboq, ketma-ket hodisa ko‘lami va manzaralarini ob’yektiv, ilmiy ifoda qilgan maqolalar va fotosuratlar chop etgan («Niva» jurnali, 1902, №51. 1903, №2). Ha, darvoqe, Andijon zilzilasi manzaralari muhrlangan bor yo‘g‘i 15 dona fotosurat bugungi kunda Moskva davlat universiteti arxivida saqlanadi.

Eng ajablanarlisi, «Andijon falokati» asoratlari rus olimlarini to shu bugunga qadar behalovatlikda ushlab turishini aytmaysizmi. So‘zimizga shubha qilgan kishilar bo‘lsa, publitsist D. Kislovning «Listaya starie jurnali: Svidetelstva andijanskogo zemletryaseniya 1902 goda» sarlavhali chiqishi (13.07.2007) ni o‘qib ishonch hosil qilishi mumkin.

So‘ngi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida ham Turkiya, Suriya zilzilalari haqida bashorat bilan chiqqan ovrupalik olimlarning ilmiy izlanishlari, jug‘rofiy hamda matematik tahlillari haqidagi maqolalar paydo bo‘ldi. Oqibatda ular haq bo‘lib chiqqanini aytsak, fojiani oldinroq bashorat qilishning anchayin ilg‘or ilmiy imkoniyatlari ham mavjud ekanda?! Demak, «zilzilaning vaqti va joyini aniq belgilab beruvchi texnologiya yo‘q», degan xulosaga shubha bilan qarasak bo‘lar ekanda?

Yana bir mulohaza: qachongacha, yurtimiz o‘tmishida sodir bo‘lgan turli tabiiy ofatlar, falokatlar haqidagi asosli ma’lumotlarni qaysidir chet el matbuoti sahifalari, xorijiy olimlarning chiqishlaridan qidiramiz? Qachongacha o‘z fikrimizni asoslamoqchi bo‘lsak, o‘zga yurt, millat fidoyilari yozib qoldirgan ma’lumot yoki raqamlarga suyanamiz?

Hamonki, katta millat sifatida, qudratli davlat, ochiq demokratik jamiyat qurish da’vosida ekanmiz, shu aziz Vatanimizda sodir bo‘lgan, bo‘layotgan eng kichkina voqea va hodisalar ham bir kun kelib asqotishi, ahamiyat kasb etadigan qimmatli ma’lumotlarga aylanishi mumkinligini unutmasligimiz kerak.

Abdunabi BOYQO‘ZIYeV

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring