Sinayda 16 nafar terrorchi yo‘q qilindi

Misrning Sinay yarimorolida juma kunidan buyon olib borilgan harbiy amaliyot natijasida 16 nafar terrorchi yo‘q qilindi hamda 34 nafari qo‘lga olindi. Bu haqda 11-fevral kuni Misr armiyasi ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Le Monde» nashri.
«Sinay 2018» deb nomlangan ushbu operatsiyaga dengiz va havo kuchlari jalb etilgan bo‘lib, ular Sinay yarimoroli va uning atrofini qamrab olgan. Bu hududda IShID guruhi tomonidan terrorchilik harakatlari muntazam ravishda amalga oshirilib turiladi.
Armiya matbuot kotibining xabarida aytilishicha, 66 ta terrorchilar «uyasi», 11 ta avtomobil va 31 ta mototsikl yo‘q qilingan. Terrorchilarga tegishli bo‘lgan portlovchi moddalar tayyorlaydigan laboratoriyalar, aloqa vositalari saqlanayotgan «axborot markazlari» aniqlanib yo‘q qilingan.
O‘tgan yilning 24-noyabr kuni Sinaydagi masjidga qilingan hujum natijasida 300 kishi nobud bo‘lgandi. Ushbu voqeadan keyin Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bosh-shtab boshlig‘iga va ichki ishlar vaziriga Sinaydagi barqarorlikni ta’minlash uchun uch oy muhlat bergan edi. Ushbu operatsiya Misrdagi prezidentlik saylovlariga bir yarim oy muddat qolganda ham davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter