Samaradagi zaharlanishdan keyin o‘zbeklarning ish haqi oshiriladi
19-iyul kuni O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsuli Fariddin Nasriyev va Tashqi mehnat migratsiya agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi rahbari Saidno‘mon Mansurov “Koshelevskiy posad” korxonasida ishlaydigan O‘zbekiston fuqarolarining zaharlanish belgilari bilan kasalxonaga yotqizilishi tafsilotlarini aniqlash uchun Samara viloyatiga borgan.
Ular o‘zbeklar davolanayotgan V.D.Seredavina nomidagi Samara viloyati klinik kasalxonasiga va 1-sonli Tolyattinsk shahar klinik kasalaxonasida bemorlar holidan xabar olganlar, suhbatlashganlar.
Ma’lum bo‘lishicha, kasalxonada davolanayotgan O‘zbekiston fuqarolarining jami soni 69 nafar, jumladan, 1 nafar bola bo‘lib, ulardan uch nafari reanimatsiya bo‘limida. Ularning sog‘liklari holati barqaror-og‘ir. Ayni paytda zaharlanish sabablarini aniqlash uchun tekshiruv olib borilmoqda.
Shuningdek, mazkur hudud, viloyat sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarlari, tibbiyot muassasalari boshliqlari va “Koshelevskiy posad” korxonasi direktori bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan.
Uchrashuv va muzokaralar yakunlarida quyidagi kelishuvlarga erishilgan:
- bemorlarni davolash bilan bog‘liq barcha xarajatlar ish beruvchi hisobidan qoplanadi;
- O‘zbekiston fuqarolarining pasport va mehnat patentlari egalarining qo‘llariga topshiriladi;
- fuqarolarning ovqatlanish va yashash sharoitlarini qo‘shimcha yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘riladi;
- ish haqi miqdorini oshirish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Vaziyat bosh konsulxona nazoratida turibdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter