«Qo‘yliq»dagi «samosud» haqida rasmiy xabar berildi (video)
Kecha ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi «Qo‘yliq» bozorida bir nechta fuqarolar tomonidan ikki kishining kaltaklanayotgani aks etgan video tarqaldi. Toshkent shahar IIBB ushbu holat yuzasidan axborot berdi.
Holat bo‘yicha Bektemir tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan tekshiruv o‘tkazildi va quyidagilar aniqlandi.
Hodisa 2-iyul kuni soat taxminan 16.30da sodir bo‘lgan. «Qo‘yliq» bozorining sotuvchilari — 30 yoshli Sunnatillo Sh. va 31 yoshli Alisher T. ikki noma’lum shaxsning 35 yoshli Jahongir Sh.ga qarashli «Kobalt» avtomobilini ochishga urinishayotganini ko‘rib qolishgan. Shundan so‘ng ular hodisa haqida ichki ishlar idoralariga xabar bermasdan, muqaddam sudlangan 40 yoshli Saidjon T. va 39 yoshli Ahad K.larning turli joylariga urib, jarohat yetkazishgan.
Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi («bezorilik») bo‘yicha Sunnatillo, Alisher va Shuhratga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Avtomobildan pul o‘g‘irlashga uringan Saidjon T. va Ahad K.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) va 169-moddasining ikkinchi qismi («O‘g‘irlik») bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter