Qo‘pol texnik xato va e’tiborsizlik: Farg‘onada Vermaxt soldatlari rasmi tushirilgan ko‘chma plakat qayoqdan kelib qoldi?
Bugun Farg‘ona shahrida Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan buyuk G‘alabaning 76 yilligi katta tantana bilan nishonlandi.
Tadbirlar «Vatanparvarlar bog‘i» oldida katta harbiy parad bilan boshlandi. So‘ngra viloyat rahbarlari, Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi, viloyat kuch ishlatar tuzilmalari rahbarlari, va viloyat boshqarmalari boshliqlari «Motamsaro ona» haykali poyiga gulchambar qo‘yib, o‘tganlar xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.
«Vatanparvarlar bog‘i» hududida tadbir ishtirokchilari e’tiboriga teatrlashtirilgan ikkinchi jahon urushi davri sahnalari namoyish etildi. Xronologik tartibda tashkil etilgan sahna ko‘rinishlarida Farg‘ona viloyatida ikkinchi jahon urushi haqida shumxabarni radio orqali aholiga yetib kelishidan boshlab, mard o‘g‘lonlarning ixtiyoriy jangga otlanishi, urush davridagi qahramonliklari, g‘alaba nashidasini surib, uyga qaytishlari jonlantirildi.
Shunday katta bayram tantanalari ichida bog‘ hududiga «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limining qo‘pol texnik xatosi va e’tiborsizligi natijasida «Xotira bor ekan – millat barhayot» so‘zlari ostida Vermaxt soldatlari rasmi tushirilgan ko‘chma plakatning o‘rnatilgani o‘ta yoqimsiz holat bo‘ldi.
Hozirda viloyat hokimligi tomonidan ushbu masala yuzasidan o‘rganish boshlandi. Dastlabki surishtiruvga ko‘ra, internetdan ikkinchi jahon urushi davri bilan oid rasmlarga qidiruv berib, yetarli bilimsizlik tufayli tasodifiy rasmni olingani, plakat dizaynida foydalanilgani ma’lum bo‘ldi. Kim plakat maketini tayyorlagan, nega bu rasmni tanlagan, nega tasdiqlatilmagan holda o‘rnatilgan, bularning bari batafsil o‘rganib chiqiladi. Aybdorlarga keskin choralar ko‘riladi. Hozirda u ko‘chma plakat «Vatanparvarlar bog‘i»dan olib tashlandi, o‘rniga ikkinchi jahon urushida qahramonlik ko‘rsatgan o‘zbek jangchilari tasvirlangan banner o‘rnatiladi.
Butun O‘zbekistonda bo‘lgani kabi, Farg‘ona viloyatida ham Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga hamda Vatan uchun jon fido qilganlar xotirasiga ko‘rsatilayotgan ulkan hurmat-e’tibor hech qachon kamaymaydi, deb yozadi Viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Fayzullo Qosimov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter