Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oqqo‘rg‘ondagi bog‘chada bolalar zaharlandi, oltitasi og‘ir ahvolda

Oqqo‘rg‘ondagi bog‘chada bolalar zaharlandi, oltitasi og‘ir ahvolda

Foto: Xabar.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda «Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi bolalar bog‘chasida 150 nafar bola ovqatdan zaxarlanibdi, 1 nafar vafot etibdi» mazmunida ma’lumotlar tarqaldi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati ushbu xabarlar yuzasidan bayonot berdi. 

Unda aytilishicha, Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining 25 nafar tarbiyalanuvchilarining kasallanish holatini o‘rganib chiqdi.

2-avgustdan 11-avgustgacha intoksikatsiya sindromining klinik ko‘rinishlari bo‘lgan tarbiyalanuvchilar Toshkent Pediatriya Tibbiyot Instituti klinikasi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Toshkent 1-shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi, Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Oqqo‘rg‘on tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildi.

12-avgust holatiga ko‘ra, 6 nafar tarbiyalanuvchi og‘ir holatda jonlantirish bo‘limida davolanmoqda, shundan 1 nafar tarbiyalanuvchi o‘pkaning sun’iy nafas berish moslamasiga ulangan bo‘lib, holati o‘ta og‘ir holatda qolmoqda. Qolgan 19 nafar tarbiyalanuvchilarning holati o‘rtacha og‘ir deb baholangan. Kasalxonaga yotqizilgan tarbiyalanuvchilardan bakteriologik tekshiruv o‘tkazish uchun tahlillar olingan va laboratoriyaga yuborilgan.

Epidemiologiyaga qarshi tadbirlarni muvofiqlashtirish va mahalliy mutaxassislarga uslubiy yordam ko‘rsatish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar va epidemiologlar guruhi yuborilgan. Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan konsilium o‘tkazilib kasalxonaga yotqizilgan tarbiyalanuvchilarga klinik ko‘rinishlariga ko‘ra «Botulizm» tashxisiga gumon qilingan. Yakuniy tashxis epidemiologik tekshiruv natijalari hamda bakteriologik tadqiqot ma’lumotlariga asoslanib qo‘yiladi. Davolanish davomida 21 nafar tarbiyalanuvchilarning salomatligi holatida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

Bosh  prokuratura matbuot xizmatining yozishicha, bog‘cha tarbiyalanuvchilari zaharlanganligi holati yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Natijalari haqida qo‘shimcha xabar qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring