Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Murdasi to‘rt kun liftda qolib ketgan ayol voqeasi: Bosh prokuratura va qo‘mita bir-biriga qarshi bayonot bermoqda

Murdasi to‘rt kun liftda qolib ketgan ayol voqeasi: Bosh prokuratura va qo‘mita bir-biriga qarshi bayonot bermoqda

24 iyul kuni 32 yoshli ayol ko‘p qavatli uyning liftiga kirib, vafot etgan. Ushbu lift 4 kun davomida ishlamayotganligi sababli, ayolning murdasi liftni ichida qolib ketgan, deyiladi Bosh prokuratura rasmiy bayonotida.

26 iyul kuni marhumaning yaqin qarindoshlari ayolni topib berish yuzasidan ichki ishlar idorasiga murojaat qilishgan.

27 iyul kuni uy yashovchilari tomonidan marhuma ayol lift ichidan topilgan.

Mazkur holat yuzasidan prokuratura tekshirish o‘tkazishni boshlagan.

Shu orada, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi «28 iyul kuni mutaxassislar tomonidan joyiga chiqib o‘rganilganida, lift qurilmasining xavfsizlik moslamalari ishchi holatdaligi yuzasidan birlamchi ko‘rik ishlari amalga oshirildi va ularni ishchi holatdaligi aniqlandi» deb rasmiy munosabat bildirgan.

«Vaholanki, lift 24-28 iyul kunlari ishlamayotganligini voqea guvohlari, uy yashovchilari o‘z tushuntirishlarida, shuningdek, voqea joyida xolis surishtiruv olib borgan ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlarning videoreportajlarida to‘liq o‘z tasdig‘ini topgan», deyiladi Bosh prokuratura rasmiy bayonotida.

Bu bayonotlardan 32 yoshli ayolning fojiali o‘limining aniq sababini hali aytish qiyin. Dastlabki xabarlarda liftning to‘xtab qolishiga poytaxtda kuzatilayotgan elektr uzilishlari sabab bo‘lgani aytilgandi.

Biroq Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi matbuot kotibi Gazeta.uzga bergan intervyusida bu kunda mazkur ko‘pqavatli uyda elektr uzilishlari bo‘lmaganini aytadi: «Buni dispetcherlik xizmatining favqulodda to‘xtatilishi haqidagi yozuvlar tasdiqlaydi», – deydi u jurnalni ko‘rsatib. – Hodisaga liftning nosozligi sabab bo‘lgan. Buni uyda yashovchilar ham tasdiqlashdi».

Bloger Nikita Makarenko elektr tarmoqlari matbuot kotibining bu so‘zlarini yolg‘on deb ataydi va o‘sha kuni mazkur uyda elektr o‘chganini tasdiqlovchi ma’lumotni ilova qiladi.

Yosh, sog‘lom ayol yangi qurilgan uy liftiga kirib, soatlab, balki kunlab azoblanib, ayanchli o‘lim topgani juda achinarli. Uning murdasi o‘sha yerda bir necha kun qolib ketgani dahshatli. Va bu hodisa javobgarligidan hamma mas’ul o‘zini chetga tortayotgani ayanchli.

Ayolning 6 yoshli farzandi yolg‘iz qoldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring