Ikki oylik chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘lgan ayol 5,5 yilga qamaldi
Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanida yashovchi 28 yoshli ayolga sud hukmi o‘qildi. U ikki oylik chaqalog‘ini sotayotganda qo‘lga olindi va 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Bu haqda «Xabar.uz»ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi raisi Boborahim Ochilov ma’lum qildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi qorako‘llik A.V. fuqaro tumanning boshqa mahallasida yashovchi B.R. bilan ishqiy munosabatda bo‘lib kelgan va 2013-yilda undan o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgan. 2014-yil yanvar oyida esa B.R.ga qonuniy turmushga chiqqan va ular birga yashay boshlashgan. 2017-yilda qiz farzandli bo‘lishgan. Oradan bir yil o‘tgach, ya’ni 2018-yilda turmush o‘rtog‘i B.R. Rossiya Federatsiyasiga ishlash maqsadida ketgan. Bu orada eru xotin telefon orqali janjallashib qolishgani bois, ular biri-biri bilan umuman gaplashmay qo‘yishgan. A.V. eri bilan arazlashib yurganiga qaramay, 2020-yil sentyabr oyigacha qaynonasining uyida yashab kelgan. Shundan so‘ng A.V. qaynonasining uyidan chiqib ketib, qishloq hududidagi alohida uyga ko‘chib o‘tgan. 2022-yilning iyul oyida A.V.ga Qorako‘l tumani markazidagi ijtimoiy yotoqxonadan hokimiyat tomonidan xona ajratib berilgan.
A.V. ijtimoiy yotoqxonada nojoiz yurish-turishi bilan qo‘ni-qo‘shnilar tinchligini buza boshlagan. Xulq-atvoridagi tartibsizliklar sabab 2022-yil iyul oyida katta farzandi uning qaramog‘idan olingan va turmush o‘rtog‘i B.R.ning ota-onasi qaramog‘iga topshirilgan. Shundan so‘ng A.V. Qarshi shahriga ketgan va u yerdagi korxonalardan birida oshpaz bo‘lib ishlay boshlagan. Bu yerda u qarshilik S.R. ismli erkak bilan tanishib, u bilan ishqiy munosabatda bo‘lib yurgan. 2023-yilda esa A.V.ning voyaga yetmagan qizi ham uning qaramog‘idan olinib, qaynona-qaynotasining qaramog‘iga topshirilgan. Yengil-yelpi turmush tarziga o‘rgangan A.V. fuqaro S.R.dan homilador bo‘lgan va olti oydan so‘ng, Toshkent shahriga ishlash maqsadida borib, u yerda tikuvchilik sexlarida ishlay boshlagan.
2023-yilning may oyida Qorako‘l tumaniga qaytgan va shu yilning iyul oyida Qorako‘l tumanidagi tug‘ruqxonada o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgan. Sentyabr oyida fuqaro A.V.ga notanish ayol telefon qilib, undan bolasini sotish-sotmasligini so‘ragan. A.V. esa bolasini sotmasligi, unga farzand kerak bo‘lsa, boshqa tug‘ib berishini bildirgan. Biroq, notanish ayol uning bolasini yaxshi parvarishlashini, kamchiliklarsiz o‘stirishini tushuntirgan. Shunda A.V. u ayolga yashash uyi yo‘qligini, subsidiya asosida uy olmoqchi ekanini, uyning boshlang‘ich to‘lovi uchun to‘lanadigan pulni bersa, ikki oylik chaqalog‘ini unga berishini aytgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, notanish ayol u bilan yuzma-yuz uchrashgan va o‘zini «Aziza» deb tanishtirgan. A.V. Azizadan sotib olayotgan uyining boshlang‘ich to‘lovi 60 million so‘m ekanini va chaqalog‘ini unga berishi evaziga bu summaning hammasini to‘liq qoplab berishini so‘ragan.
«Aziza» ismli ayol Buxoro tumanidagi «Shergiron» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan «Chorbakr» kafesida A.V.ga 5000 AQSh dollarini 60 million so‘mga hisoblab bergan. Va A.V. u pullarni olib, farzandini hech qanday hujjatlarsiz «Aziza»ga topshirgan. Ular kafedan chiqqan paytda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari yetib kelishgan. Holat xolis va guvohlar ishtirokida rasmiylashtirilgan.
«Sud-tergov jarayonida sudlanuvchi oilaviy sharoiti og‘irligi sababli uysiz qolgani uchun voyaga yetmagan bolasini sotishga majbur bo‘lgani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, oilaviy sharoitini inobatga olib, qonuniy yengillik berilishini so‘radi»,-dedi sud raisi.
O‘zining hatti-harakati fuqaro A.V. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi hukmi bilan O‘zbekiston Respublikasi JKning 135-moddasi (Odam savdosi), 3-qismining «a» bandi bilan aybli, deb topilgan. Unga shu modda bilan JKning 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilgan hamda 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter