Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada noto‘g‘ri ukol qilingan qizcha vafot etdi (video)

Farg‘onada noto‘g‘ri ukol qilingan qizcha vafot etdi (video)

Farg‘onada sobiq hamshiraning uy sharoitida noto‘g‘ri ukol qilishi oqibatida qizaloq vafot etdi. Bu haqda «Zamon» informatsion dasturida ma’lum qilindi.

Voqea viloyatning Uchko‘prik tumanida sodir bo‘lgan.

1988-2000-yillarda tuman Tibbiyot birlashmasida ishlagan, keyinchalik salomatligi bois ishdan bo‘shab ketgan sobiq hamshira qishloqdoshlarining iltimosiga ko‘ra uy sharoitida shifokor buyurgan ukollarni qilib kelgan.Ovsinining kelini ham qizi betobligi sabab, shifokor yozib bergan ukollarni olib kelib undan muolaja olishda yordam so‘ragan.

Sobiq hamshira M. qarindoshiga yo‘q deyolmagan va shifokor yozib bergan «Seftoks» nomli kukunni 10 gramm «Novokain» bilan eritgan va eritmaning 0,1 grammini bemorning chap quymuch qismiga sinama tarzda yuborgan.

Oradan 3-4 daqiqa o‘tgach, qiz qorni og‘riyotganini aytib, qayt qilib yuborgan va sal o‘tmay hushini yo‘qotgan.

Qizni Buvayda tuman Tez tibbiy yordam bo‘limi 9-sonli shoxobchasiga olib borilayotgan vaqtda vafot etgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra qizaloqqa «Seftoks-Novokain» eritmasi yuborilganda nojo‘ya ta’sir oqibatida allergik reaksiyani yuzaga keltirgan va nafas yo‘llari berkilib qolgan. Uy sharoitida tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur dori vositalari bo‘lmagani uchun uning hayotini saqlab qolish imkoniyati yo‘q bo‘lganligi sababli o‘lim qayd etilgan.

Mazkur holat Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida ko‘rilib, sobiq hamshiraga Jinoyat kodeksining 102-moddasi 1-qismi (Ehtiyotsizlik orqasidan odam o‘ldirish) bilan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring