Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘ona viloyatidagi qishloqqa yirtqich hujum qilmoqda

Farg‘ona viloyatidagi qishloqqa yirtqich hujum qilmoqda

Foto: «Kun.uz»

Farg‘ona viloyatining Furqat tumani markazidan 25 km uzoqlikda joylashgan Bog‘ibo‘ston qishlog‘ida  aholi chorvalari noma’lum yirtqich hayvon hujumiga uchrab, nobud bo‘layotgani ma’lum qilindi.

Mahalla faoli Kamoliddin Matxoliqovning «Kun.uz» muxbiriga aytishicha, qishloqda 160 ta xo‘jalik bor. Aholi soni 900 nafardan ortiqroqni tashkil etadi. Ularning mollari, eshaklari, qo‘ylari, umuman, nima uy hayvoni bo‘lsa ham, qanaqadir yirtqich yeb ketyapti.

Qishloq ahlining ta’kidlashicha, bunday voqea qishloqda 4 yildan buyon kuzatiladi. Avvallari onda-sonda kuzatilib turgan bunday holat, bugungi kunga kelib, odatiy holga aylangan. Aholi chorvalariga hujum qilayotgan noma’lum yirtqich bo‘ri bo‘lsak kerak, degan gumonda.

«Qorong‘i tushdi deguncha odamlar ham ko‘chaga chiqishga qo‘rqib qolishdi. Yosh bolalar, ayollar tashqariga chiqishga mutlaqo bezillab qolgan. O‘zimiz ham xavotirda yashayapmiz. Bugun chorvalarimizga hujum qilgan noma’lum yirtqich ertaga o‘zimizga ham hujum qilib qolsa, nima qilamiz?» — deydi Kamoliddin Matxoliqov.

«Ikkita buzog‘imni g‘ajib ketdi. Bor-yo‘g‘im shu buzoqlarim edi. Qishloqda suv yo‘q. Dehqonchiliklarimiz ham unchalik yaxshi bo‘lmayapti. Tirikchiligimiz asosan shu chorva ketidan edi. Endi yana ikkita buzoq qilguncha ikki yil vaqt kutishim kerak. Ziyonga kirdik. Masalaga yechim yo‘q», — deydi shu qishloqda yashovchi Z.Yo‘ldosheva.

Aholi vakillari ushbu masalaga yechim izlab, bir nechta davlat idoralariga murojaat qilgan.

Bog‘ibo‘stondan bir oz olisda joylashgan Qolgandaryo hududidagi qo‘ychilik fermasiga ham noma’lum hayvon katta talafot yetkazgan. 50 boshdan oshiq qo‘ylarni bo‘g‘izlab o‘ldirib yoki chalajon qilgani kuzatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda qo‘y va echkilarni bo‘g‘izlab ketayotgan noma’lum hayvon o‘ldirilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring