DXX Chegara qo‘shinlari Farg‘onadagi voqea yuzasidan rasmiy bayonot berdi
Internetda niqobli chegara qo‘shinlari askarlari deyilayotgan shaxslarning mahalla hududida mashinalarni tekshirayotgani va bir yigitni kaltaklagani videosi tarqaldi.
DXX Chegara qo‘shinlari mazkur holat yuzasidan bayonot berdi.
Qayd etilishicha, 10-noyabr kuni soat taxminan 17:00lar atrofida Farg‘ona tumanining Hosilot chegaraoldi aholi punktida, videolavhada ko‘rsatilgan ko‘prik yonida chegara naryadi xizmat olib borgan. Xizmatning vazifasi chegaraoldi hududida, xususan, ko‘rsatilgan hududda harakatlanayotgan avtotransport vositalarini tekshirish bo‘lgan.
Shu vaqtda fuqarolar U.S. va A.F. ushbu hududda «Neksiya-2» rusumli avtomobilda harakatlangan. Ular naryadning to‘xtash haqidagi buyrug‘i talablariga e’tibor bermay, chegaraoldi naryadiga qarab harakatlanish manyovridan foydalangan holda, yuqori tezlikda yashirinishgan.
Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, ushbu fuqarolar ortga qaytib, chegarachilar yonida to‘xtashgan va mojaro keltirib chiqarishga urinishgan, chegara naryadini haqorat qilishgan hamda to‘plangan mahalliy aholini harbiy xizmatchilarning qonuniy talablariga e’tibor bermaslikka chaqirishgan. Shu tariqa, ular O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 196-1-moddasi (Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilarining qonuniy talablarini bajarmaslik va ularning qonuniy faoliyatiga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etishgan.
Shundan so‘ng, fuqarolar U.S. va A.F. «O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida»gi qonunning 43-moddasi va «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi qonunning 44-moddasi talablariga muvofiq jismoniy kuch ishlatgan holda qo‘lga olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek avtoulovni boshqarish huquqini beruvchi hujjatlar yo‘q bo‘lgan. Natijada ular belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun ichki ishlar organlariga topshirilgan.
Qayd etilishicha, fuqaro U.S. bundan oldin bir necha bor davlat chegarasi rejimini buzganligi va u orqali turli xil tovar-moddiy buyumlarini noqonuniy ravishda olib o‘tgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy prokuratura xodimlari bilan birgalikda ushbu holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi olib bormoqda.
Qayd etilishicha, chegara naryadi va fuqarolarning harakatlari bo‘yicha qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘riladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter