Chilining yo‘qolib qolgan samolyoti halokatga uchragan
Bortida 38 kishini olib uchgan Chili harbiy samolyoti bilan aloqa yo‘qolib qolgani haqida xabar bergandik. «RIA Novosti» Chili harbiy-havo kuchlariga asoslanib xabar berishicha, samolyot Antarktikaga ketishda qulab tushgan.
Yetti soatlik qidiruvlar natija bermaganidan so‘ng Chili harbiy-havo kuchlari samolyot halokatga uchragan degan to‘xtamga keldi.
«C130 Hercules» samolyoti 9-dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:55 da parvoz qilgan, soat 18:13 da esa aloqa uzilib qolgandi. Samolyot Punto-Arenasdagi Chabunko bazasidan Antarktikadagi havo bazasiga uchgandi. Samolyot bortida 38 kishi bo‘lgan: 17 nafari ekipaj a’zosi, 21 nafari yo‘lovchi.
Chili harbiy-havo kuchlari bilan birga milliy va xalqaro samolyot va kemalar qidiruvga jalb etilgan. Ular aviahalokat yuz bergani ehtimolda tutilayotgan hududda tirik qolganlarni qidirmoqda.
«C130 Hercules» — AQShda ishlab chiqarilgan o‘rta va uzoq masofaga parvoz qiluvchi harbiy transport samolyoti. AQSh va NATO hamda bir qator mamlakatlarning asosiy harbiy transport samolyoti hisoblanadi. Chili HHK ixtiyorida bunday samolyotlardan yettitasi bor.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter