Bo‘stonliqda yo‘qolgan fuqaro jarohat bilan topildi (foto)

Joriy yilning 18-mart kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligining «Tezkor raqami»ga Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Uchbov qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro tog‘li hududda yo‘qolib qolgani to‘g‘risidagi murojaat kelib tushdi.

FVV axborot xizmatining xabariga ko‘ra, «Chimyon» qutqaruv otryadi qutqaruvchilari U.Kuliyev, D.Ochilov, F.Abdiyev va I.Mirzaahmedov voqea joyiga zudlik bilan yetib borib, qidiruv ishlarini amalga oshirdilar.

Natijada qutqaruvchilar tana qismiga ko‘plab jarohat yetgan fuqaroni topishga muvaffaq bo‘lishdi. Aniqlanishicha, jabrlangan fuqaro tog‘ yon bag‘rida sayr qilishi jarayonida ehtiyotsizlik tufayli sirpanib ketib, taxminan 4 metr balandlikdan qulab tushgan. Buning oqibatida o‘ng oyog‘ida ochiq sinish, o‘ng qo‘li va chap oyog‘ida sinish holatlari, shuningdek, bosh qismida ham jarohat kuzatilgan.

O‘z vaqtida yordamga kelgan qutqaruvchilar tezda jabrlangan fuqaroga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bilan birga uni xavfsiz joyga evakuatsiya qilishdi hamda tez yordam xodimlariga topshirdilar.
Hozirgi vaqtda jabrlanuvchining ahvoli qoniqarli.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter