Bolta bilan davlat ijrochilariga hujum qilgan shaxsga sud hukmi o‘qildi
Majburiy ijro byurosi davlat ijrochilari sud va boshqa organ qarorlarini ijro etish orqali fuqarolar yoki jamiyat manfaatini himoya qiladi. Ana shu jarayonda ayrim fuqarolar o‘z majburiyatini bajarish o‘rniga, davlat xizmatchilariga ko‘l ko‘tarish orqali masalani hal qilish mumkin, deb o‘ylaydi. Aslida esa bu jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Joriy yilning 30 yanvar kuni Majburiy ijro byurosi Kasbi tuman bo‘limi xodimlari J.Mamatqulov, I.Jovliyev va F.Yo‘ldashevlar tomonidan ijro hujjatiga asosan fuqaro D.P.ning 41 mln 660 ming so‘m soliq, davlat boji va ma’muriy jarimalarini undirish yuzasidan ijro harakatlari olib borilgan.
Ijro harakatlari davomida fuqaroga qarzdorlikni to‘lashi lozimligi, aks holda, qarzdorlik evaziga mulki xatlanishi aytilganida, D.P. mast holatda ijro harakatlariga to‘sqinlik qilib, xonadonida bo‘lgan xo‘jalik pichog‘ini olib chiqib, davlat ijrochilariga yengil tan jarohati yetkazgan.
Shuningdek, davlat ijrochisiga tegishli «Matiz» rusumli avtotransport vositasini dastlab pichoq bilan, pichoq singach, bolta bilan barcha oynalarini sindirib, kuzov detali qismlarini urib, jiddiy shikast yetkazgan.
Muqaddam, Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan ayblangan D.P. bu safar ushbu kodeksning 219-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topildi va sud tomonidan unga 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter