Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonda universitetning 4-qavatidan ayol tushib ketdi

Andijonda universitetning 4-qavatidan ayol tushib ketdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon davlat universitetining tarix fakulteti binosining to‘rtinchi qavatidan homilador ayol tushib ketgani haqida xabarlar tarqaldi.

Universitet ma’muriyati ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, haqiqatda bugun soat 14:00 atrofida Andijon davlat universiteti 1000 o‘rinli binosi 4 qavatidan ayol kishi ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketgan.

Holat quyidagicha sodir bo‘lgan: bugun, 4 dekabr kuni ijtimoiy-iqtisodiyot fakulteti talabalari ota-onalari uchun majlis o‘tkazilgan. Majlis universitetning 1000 o‘rinli binosi 4-qavatida joylashgan kichik majlislar zalida bo‘lib o‘tgan. Unda ishtirok etgan talabalardan birining kelinoyisi yig‘ilish bo‘layotgan vaqtda telefon bo‘lib qolgani sababli yig‘ilishdan chiqib, telefonda suhbatlashgan.

Ayni vaqtda shu qavatda binoning zinalarini yangi, baquvvatrog‘iga alishtirish uchun eskisi olib tashlanib, yangisini o‘rnatilish ishlari amalga oshirilayotgan bo‘lgan.

Ayol telefonda suhbatlashish jarayonida qurilish bo‘layotgan hududni anglatuvchi belgi va to‘suvchi tasmalarga ahamiyat bermasdan zinapoya tomonga yurgan va e’tiborsizlik oqibatida tushib ketgan. Bunda qurilish-ta’mirlash ishlar olib borilayotgan hudud to‘liq berkitib qo‘yilmaganligi, to‘siq lentalariga esa e’tibor bermasligi sabab bo‘lgan.

Hodisa yuz bergan vaqtning o‘zidayoq universitetning mas’ul xodimlari tomonidan shoshilinch tez yordam chaqirilib, fuqaro respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga universitet ma’muriyati vakillari hamrohligida olib borilgan va birinchi yordam ko‘rsatilgan.

Ma’lum qilinishicha, ayol homilador bo‘lmagan.

Vaziyat bo‘yicha qo‘shimcha axborot berib borilishi qayd etilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring