Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Andijonda yana ayol haqoratlandi» audiosiga rasmiy munosabat bildirildi

«Andijonda yana ayol haqoratlandi» audiosiga rasmiy munosabat bildirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Andijonda yana ayol haqoratlandi» sarlavhali xabar audio tarqalgan. Holat bo‘yicha Mehnat vazirligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, ovozli xabardagi holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilgan.

Aniqlanishicha, audiodagi ovoz Andijon viloyati Bandlik Bosh boshqarmasi boshlig‘i A.Mamayusupovga emas, balki viloyat Bandlik Bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i F.Muhammadjonovga tegishli ekanligi ma’lum bo‘lgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Andijon shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazining sobiq xodimasi X.Jo‘rabekova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 apreldagi PQ-5053-sonli «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tuzilmasini maqbullashtirish va shtat birliklari sonini qisqartirish to‘g‘risida»gi qarori talablari asosida Mehnat Kodeksining 100-moddasi 2-qismi 1-bandiga asosan 2021 yil 4 iyul kunidan bekor qilingan.

«Andijon viloyat Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i F.Muhammadjonov uning noqonuniy xatti-harakatlarini to‘xtatmoqchi bo‘lgan vaqtida nizo kelib chiqqan.

Ushbu nizoli holat yuzasidan shu kunning o‘zida tegishli ravishda dalolatnoma rasmiylashtirilib, huquqiy baho berishlik uchun Andijon shahar IIBga ariza bilan murojaat qilingan hamda holat yuzasidan hozirda Andijon shahar IIB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda», deyiladi rasmiy munosabatda.

Vazirlik o‘z munosabatida davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i F.Muhammadjonov sobiq xodimaning aynan qanday «noqonuniy xatti-harakatlarini to‘xtatmoqchi bo‘lgani»ga aniq izoh bermagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring