Andijonda pichoqbozlik. 22 yoshli yigitga og‘ir jarohat yetkazildi

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahrida pichoqbozlik sodir bo‘lganiga oid xabar va lavhalar tarqaldi. «Xabar.uz»ga asosan holatga oydinlik kiritgan Bosh prokuratura matbuot xizmati shunday voqelik yuz berganini tasdiqladi.
Unga ko‘ra, ayanchli holat bugun — 21-iyul kuni soat 15:55 lar chamasida Andijon shahrining Eskishahar mavzesidagi milliy taomlar oshxonasida sodir bo‘lgan. Ya’ni, 1967-yilda tug‘ilgan T.S. mast holatda oshxonaga kelib, nasiyaga spirtli ichimlik so‘raydi. Uning iltimosi mazkur oshxona ish yurituvchisi 22 yoshli Sh.R. tomonidan rad etilganidan jahli chiqib, o‘zaro janjallashib ketadi. Ayni jarayonda u yonida bo‘lgan pichoq bilan yigitning chap ko‘kragiga bir marotaba urib, unga og‘ir tan jarohati yetkazadi.
Voqea joyida bo‘lgan fuqarolarning sa’y-harakati bilan jabrlanuvchi RShTYoIM Andijon filialiga olib kelinadi va o‘z vaqtida ko‘rsatilgan tibbiy yordam sabab hayoti saqlab qolindi.
Hozirda holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Pichoq urgan T.S. muqaddam Jinoyat kodeksining 104-moddasi («qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish») bilan bir necha marotaba sudlangani aytiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter